Borsakelmesda yana uch kunda yo‘q bo‘lib ketadigan shahar quriladi

Uch kun davomida ishtirokchilar sho‘rxoklik o‘rtasida vaqtinchalik White Salt City shahrini barpo etadi. Bu yerda lager va art-obyektlar quriladi, musiqiy sessiyalar o‘tkaziladi, ovqat tayyorlanadi va kundalik hayot birgalikda tashkil etiladi. Tomoshabinlar bo‘lmaydi: har bir ishtirokchi shaharcha hayotiga o‘z hissasini qo‘shadi.
17−19-sentabr kunlari Qoraqalpog‘istondagi Borsakelmas sho‘rxokligida YONAR — vaqtinchalik ijodiy shaharcha va art-installyatsiyalar ko‘rgazmasi ikkinchi bor o‘tkaziladi. Loyihani “Stixiya” festivali O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etadi.
Uch kun davomida ishtirokchilar sho‘rxoklik o‘rtasida vaqtinchalik White Salt City shahrini barpo etadi. Bu yerda lager va art-obyektlar quriladi, musiqiy sessiyalar o‘tkaziladi, ovqat tayyorlanadi va kundalik hayot birgalikda tashkil etiladi. Tomoshabinlar bo‘lmaydi: har bir ishtirokchi shaharcha hayotiga o‘z hissasini qo‘shadi.

YONAR’ga ariza asosida bepul qatnashish mumkin. Ishtirokchilar yo‘l, turar joy va ovqatlanishni mustaqil tashkil etadi hamda sho‘rxok sharoitida avtonom yashashga tayyor bo‘lishi kerak.
Festival hududida mehmonlar uchun ovqatlanish va sanitariya-gigiyena punktlari, ichimlik suvi hamda kamida 15 ta o‘tov tashkil etilishi rejalashtirilgan.

YONAR ilk bor 2025-yilda o‘tkazilib, 70 ga yaqin ishtirokchini jamlagan. Hozir loyiha hamjamiyatida Toshkent, Nukus, Mo‘ynoq va dunyoning turli shaharlaridan rassomlar, musiqachilar, me’morlar, dizaynerlar, tadqiqotchilar va boshqa soha vakillari bor.
Uch kundan so‘ng White Salt City to‘liq demontaj qilinadi: ishtirokchilar buyumlar va chiqindilarni olib chiqib ketadi, hudud esa dastlabki holatida qoldiriladi. Loyiha “leave no trace” — “iz qoldirmaslik” tamoyiliga asoslanadi.