Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan esdalik tangalari sotuvga chiqarildi

Markaziy bank mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan uchta maxsus esdalik tangasini muomalaga chiqardi. Kolleksiya O‘zbekistonning milliy davlatchiligi, tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini yagona badiiy konsepsiyada aks ettiradi.
Tangalar mustaqillik monumenti, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “35” raqami tasvirlari bilan bezatilgan. Ularda, shuningdek, O‘zbekistonning Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasidan olingan “Olamni mahliyo aylagan diyor!” satri aks ettirilgan.
Tangalar 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan tayyorlangan bo‘lib, har birining og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati esa 100 000 so‘mni tashkil etadi. Oltin tangalarning dastlabki tiraji 450 dona, kumush tangalarniki esa 800 dona.
Ular uch donalik kolleksiya to‘plami sifatida va alohida holda sotuvga chiqariladi. Tangalar 27-avgustdan boshlab tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqarilgan. Sotuv narxlari va mavjudligi haqidagi ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.



