Toshkent metrosida poyezdlar qatnovi oralig‘i qisqartirildi

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan yo‘lovchilar oqimi oshishi kutilayotgani sabab Toshkent metropolitenida tig‘iz vaqtlarda barcha yo‘nalishlarda poyezdlar qatnovi oralig‘i qisqartirildi:
- Chilonzor yo‘nalishi — 1,5−2 daqiqagacha;
- O‘zbekiston yo‘nalishi — 3 daqiqagacha;
- Yunusobod yo‘nalishi — 4 daqiqagacha;
- Yerusti halqa yo‘nalishi — 7−8 daqiqagacha.
Metropolitenga qo‘shimcha yuklama Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilidan boshlab birinchi smenadagi darslar 8:00 da boshlanishi sababli kutilmoqda.
Metropoliten poyezdlar tarkibini ham yangilashni davom ettirmoqda. 2026-yilda 14 ta yangi tarkib olinishi rejalashtirilgan, shundan 11 tasi allaqachon yetkazib berilgan, yana uchta tarkib kutilmoqda.
Bundan tashqari, tig‘iz vaqtlarda metroning barcha 50 ta bekatida navbatchilik tashkil etildi. Rahbarlar va mas’ul xodimlar ertalab va kechqurun yo‘lovchilarga yordam beradi hamda bekatlardagi vaziyatni nazorat qiladi.
Ushbu choralar yo‘lovchilar oqimining ortishiga moslashish va yangi o‘quv yilida metroning barqaror, xavfsiz hamda qulay ishlashini ta’minlashga qaratilgan.