Qarovsiz manzildan galereyaga: "Olmazor" metrosida ulkan strit-artlar paydo bo‘ldi — fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 1 130
Qarovsiz manzildan galereyaga: "Olmazor" metrosida ulkan strit-artlar paydo bo‘ldi — fotoreportaj

Toshkent kun sayin o‘zgarib bormoqda, ammo bu safar gap yangi binolar yoki yo‘llar haqida emas. “Olmazor” metro bekati yonidagi monoton va zerikarli beton devor bir zumda rang-barang galereyaga aylandi — bu yerda bir qator ulkan strit-artlar paydo bo‘ldi.

Afisha.uz ushbu manzilda bo‘lib, san’at asarlarining yaratilish tarixi bilan qiziqdi va ularni kadrlarga muhrladi.

Loyihaning asosiy tashkilotchisi — “O‘zbekligim, o‘zligim” nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, buning uchun aynan “Olmazor” metrosi yonidagi devor tanlangani bejiz emas.

“Birinchi kursda o‘qib yurgan vaqtlarimda „Olmazor“ metrosi atrofiga adashib chiqib qolganman. Kun kech bo‘lib qolgandi, atrofdan chiqindi va yomon hid anqib turardi. Shom g‘ira-shirasida bu yerdan yosh bolali ayollar, talaba qizlar o‘tayotganini ko‘rib: „Eng tinch davlatda yashaymiz, lekin bu qarovsiz joyda mabodo bir narsa bo‘lsa, kim javob beradi? Shu joyni ham obod qilib qo‘ysa bo‘larkan-ku“, deb ko‘nglimdan o‘tkazgandim. Shu sababli loyiha imkoniyati tug‘ilganda aynan shu lokatsiya yodimga tushdi”, — deydi loyiha PR menejeri Marjona Xamrayeva.

Ijodkorlarni jalb qilish uchun musobaqa tarzida kampaniya yo‘lga qo‘yilgan: ochiq e’lonlar berilgan, universitetlarga rasmiy xatlar yuborilgan. Shu tariqa jami 54 nafar shaxs ishtirok etish istagini bildirgan, yakunda eng yaxshi eskiz egalari bo‘lgan 10 nafar rassom saralab olingan.

Rassomlarga asosiy mavzu sifatida “Mustaqillikning 35 yilligi” berilgan. Ijodkorlar o‘z asarlarida O‘zbekiston erishgan yutuqlar yoki kelajakdagi tasavvurlarini rassom ko‘zi bilan gavdalantirishlari kerak bo‘lgan. Qat’iy yoki ortiqcha cheklovlar bo‘lmagan.

Misol uchun, suratlarda milliy libosdagi o‘zbek qizining bag‘rida zamonaviy Toshkent manzaralari va “Afrosiyob” poyezdi uyg‘unlashgan kompozitsiyani ko‘rish mumkin. Yana bir devorda Abdulla Avloniy portreti va uning tarbiya haqidagi so‘zlari graffiti uslubida muhrlangan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi ostida turli soha vakillari — olimlar, sportchilar va talabalarning kelajakka intilishi aks etgan ulkan panoramalar ham joy olgan.

Loyihaning hayratlanarli va miqyosi jihatidan eng katta qismi, shubhasiz, yerosti o‘tish yo‘lining ikki devori bo‘ylab chizilgan ulkan oq-qora strit-art panoramasidir. Bu asarda rassom O‘zbekiston tarixining vizual ensiklopediyasini aks ettirmoqchi bo‘lgan, u esa tomoshabinni vaqt bo‘ylab sayohatga yetaklaydi.

Kompozitsiya insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimgi davrlari — ibtidoiy odamlar va qoya toshlariga chizilgan rasmlar tasviridan boshlanadi. So‘ngra, tarix g‘ildiragi aylanib, Temuriylar davrining shonli sahifalariga o‘tiladi. Panoramaning davomida ilm-fan va ma’rifat rivojini ifodalovchi allomalar siymosi, Markaziy Osiyo me’morchiligi durdonalari kabi inshootlar tasvirlangan.

Asar tarixning eng murakkab va burilish nuqtalarini ham chetlab o‘tmagan. Devorlarda jadidchilik harakati namoyandalari — Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy kabi ziyolilarning portretlari hamda ularning ma’rifatparvarlik faoliyatiga ishora qiluvchi sahnalar graffiti uslubida muhrlangan.

Shuningdek, XX asrning og‘ir damlari — ikkinchi jahon urushi voqealari va sho‘rolar davrining o‘ziga xos manzaralari ham o‘z aksini topgan. Ulkan panorama mustaqillikka erishish va zamonaviy O‘zbekistonning shakllanishi mavzusi bilan yakunlanadi. Asarning eng so‘nggi nuqtasida, tarix hali ham davom etayotganini anglatuvchi ramziy belgi — ijod qilayotgan rassom tasviri va o‘zbek tilidagi “Tarix hali ham yozilmoqda…” degan gap joy olgan.

Yana bir strit-artda anime va graffiti uslubi uyg‘unlashgan bo‘lib, markazda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan bolakay aks etgan. Uning atrofida sportdagi shiddatni ifodalovchi futbolchi va bo‘ri tasviri, shuningdek, ilm-fan va bunyodkorlikni anglatuvchi ko‘zoynakli ziyoli joy olgan.

Tanlov ruhini oshirish va munosib rag‘batlantirish uchun 1-o‘ringa MacBook M2 Pro, 2- va 3-o‘rinlar uchun qimmatbaho planshetlar, qolgan barcha ishtirokchilar uchun esa pul mukofotlari o‘tkazib berilgan:

  • 1-o‘rin: Kamolov Mirshod (oq-qora rangdagi O‘zbekiston tarixi ensiklopediyasi aks etgan strit-art);
  • 2-o‘rin: Turdiyev Behruz (markazda Uzbekistan yozuvi turgan strit-art);
  • 3-o‘rin: Suyunova Umida (“Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi ostida turli soha vakillari jamlangan strit-art).

Tashkilotchilarning aytishicha, Devorlardagi asarlarning saqlanishi Toshkent shahri hokimligi va metropoliten xodimlariga topshirilgan. Biroq eng asosiy himoya bu — aholining mehri.

Loyiha muvaffaqiyatli chiqqani va shaharliklar tomonidan ijobiy kutib olingani sababli, tashkilotchilar to‘xtab qolmoqchi emas. Yaqin kelajakda Toshkentning boshqa hududlarida ham shu kabi strit-art loyihalarini davom ettirish rejalashtirilgan.

Yangilangan devorlar kadrlarini quyida tomosha qilish mumkin.

Shohruh Haydarov
Muallif va fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling