Toshkentda 1-oktyabrdan jamoat transportida yo‘l haqi 2500 so‘mgacha oshirilishi mumkin

Toshkentda 1-oktabrdan avtobus va metropolitenda elektron to‘lov orqali bir martalik yo‘l haqi 1700 so‘mdan 2500 so‘mgacha oshirilishi taklif qilinmoqda. Tegishli o‘zgartirishlar shahar Kengashi qarori loyihasida nazarda tutilgan. Qaror qabul qilinsa, yangi tariflar 2026-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi.
Loyihada amaldagi tariflar transport sohasi xarajatlarining faqat bir qismini qoplayotgani va jamoat transportini moliyalashtirishning katta qismi davlat budjeti zimmasida qolayotgani ta’kidlangan.
Naqd pulda to‘lov qilganda yo‘l haqi 3 000 so‘m, bir dona bagajni olib yurish esa 4 000 so‘m bo‘lib qoladi. Barcha summalar QQS bilan ko‘rsatilgan.
Loyihada transport kartalari uchun yangi tariflar ham nazarda tutilgan. Ularning narxi safarlar soni va amal qilish muddatiga bog‘liq bo‘ladi.
Faqat avtobuslar:
- 1 kun — 6 ta safar uchun 11 500 so‘m;
- 5 kun — 22 ta safar uchun 42 500 so‘m;
- 7 kun — 28 ta safar uchun 54 000 so‘m;
- 10 kun — 44 ta safar uchun 84 500 so‘m;
- 15 kun — 66 ta safar uchun 127 000 so‘m;
- 20 kun — 88 ta safar uchun 169 500 so‘m;
- 30 kun va 1 oy — 130 ta safar uchun 250 000 so‘m;
- 3 oy — 682 500 so‘m;
- 6 oy — 1,17 mln so‘m;
- 1 yil — 1,95 mln so‘m.
Avtobus + metro:
- 1 kun — 7 ta safar uchun 13 500 so‘m;
- 5 kun — 30 ta safar uchun 57 500 so‘m;
- 7 kun — 38 ta safar uchun 73 000 so‘m;
- 10 kun — 60 ta safar uchun 115 500 so‘m;
- 15 kun — 90 ta safar uchun 173 000 so‘m;
- 20 kun — 120 ta safar uchun 231 000 so‘m;
- 30 kun va 1 oy — 180 ta safar uchun 345 000 so‘m;
- 3 oy — 945 000 so‘m;
- 6 oy — 1,62 mln so‘m;
- 1 yil — 2,7 mln so‘m.
Shuningdek, 10, 20 va 30 ta safar uchun mos ravishda 19 000 so‘m, 38 500 so‘m va 57 500 so‘mlik paketlar ham taklif etilmoqda.
Agar loyiha qabul qilinsa, bir soat davomida imtiyozli qayta chiqish tizimi saqlanib qoladi. Faqat avtobuslarda yurilganda birinchi safar 2500 so‘m, ikkinchisi — 1500 so‘m, uchinchi va keyingi safarlar esa bepul bo‘ladi.
Avtobus va metro kombinatsiyasida qayta chiqish narxi ham safarlar ketma-ketligiga qarab 1500 yoki 0 so‘mni tashkil etadi. Bunda bir soatlik tarif doirasida metropolitendan faqat bir marta foydalanish mumkin: qayta kirilganda 60 daqiqalik hisob yangidan boshlanadi.