Odirmon shahar yodgorligidan noyob ostodon va altar topildi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Odirmon shahar arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar vaqtida diniy marosimlar bilan bog‘liq altar (mehrob) va noyob ostodon aniqlandi.
Yodgorlikning shimoli-sharqiy qismidan topilgan altarda yong‘in izlari yaxshi saqlangan. Uning balandligi 70 santimetr, eni 90 santimetr bo‘lib, pol qismiga pishgan kafelsimon g‘ishtlar terilgan va inshoot atrofi loy suvoq bilan qoplangan. Suvoq qatlamlarining bir necha marta yangilangani altardan uzoq vaqt foydalanilganini ko‘rsatadi.
Ostodonning tashqi yuzasida kiyik va archa daraxtiga o‘xshash naqshlar aks etgan. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, Odirmon shahar yodgorligi miloddan avvalgi III asr va milodiy III asrlar oralig‘iga oid bo‘lib, topilmalar qadimgi aholining diniy qarashlari, marosimlari va dafn an’analarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.