Samarqandda navbatdagi Promotors Show 2026 avtofestivali qanday o‘tdi? Foto

E’lon qilingan sana· 54
Samarqandda navbatdagi Promotors Show 2026 avtofestivali qanday o‘tdi? Foto
Foto: Muzaffar Bobomurodov
Tojikistondan kelgan BMW M8 Competition Gran Coupe drift holatida

12 va 13-sentyabr kunlari Samarqand avtomobillar shunchaki transport vositasi emas, balki egasining ruhiyatini aks ettiradigan makonga aylandi. SOF Expo ko‘rgazma markazida yubiley, beshinchi Promotors Show — avtomobillar, tyuning va avtosport festivali bo‘lib o‘tdi. Bu yil festival O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Rossiyadan qariyb 400 nafar ishtirokchini jamladi.

Festival ko‘lami kirishdayoq sezilardi: asosiy pavilyonda turli davr va uslubdagi avtomobillar, tyuning loyihalari mehmonlarni kutib oldi, chap tomondan avtozvuk loyihalarining vibratsiyasi eshitilsa, o‘ng tomonda esa jo‘shqin musiqa ostidagi drift zonasida shinalarning yondirilishi ovozi yangrardi.

Avtomobillar muzeyga aylanmadi

Promotors Show 2026 tomoshabin turli avtomobil madaniyati yo‘nalishlari o‘rtasida doimiy ravishda almashib turadigan tarzda tashkil etildi. Bir hududda retroavtomobillarni tomosha qilish, boshqa hududda zamonaviy sportkarlar va tyuning loyihalarini ko‘rish mumkin edi, devor ortidan esa drift zonasidagi motorlar ovozi eshitilardi. Kechqurun dastur konsertlar, tanlovlar va o‘yinlar bilan to‘ldirildi.

Festival nafaqat turli avtomobillardan iborat katta ko‘rgazmaga, balki bir ishga qiziqqan insonlar jamlanadigan tadbirga ham aylandi. Bu esa o‘z navbatida qizg‘in munozaralarni yuzaga keltirdi. Avtomobil egalari o‘zaro muloqot qildi, loyihalari haqida gapirdi, mashinalarni taqqosladi va boshqa mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar bilan tanishdi.

Driftni his qilib ko‘rgan ma’qul

Festivalning eng o‘ziga tortadigan nuqtasi drift zonasi bo‘ldi. Bu yerda avtomobillar mustahkam to‘siqlar ortida boshqariladigan sirpanishga kirar, g‘ildiraklar ostidan tutun bulutlari ko‘tarilar, tomoshabinlar esa ayniqsa ta’sirli har bir o‘tishni baland qarsaklar bilan kutib olardi. An’anaviy yakka yurishlardan tashqari, avtomobillar juftlik, uchlik va hatto ayniqsa ta’sirli kvartet shaklida ham maydonga chiqarildi.

Tashqaridan drift ancha sodda ko‘rinadi: avtomobil yonlama harakatlanadi, pilot esa uni boshqaradi. Ammo uning ichiga kirishingiz bilan manzara butunlay o‘zgaradi.

Menga driftni nafaqat chetdan tomosha qilish, balki 50 ta avtomobildan birida yo‘lovchi sifatida yurib ko‘rish ham nasib etdi. Ichkaridagi taassurot butunlay boshqacha: sirpanishga kirishda avtomobil tanani keskin u yoqdan bu yoqqa uloqtiradi, ichkaridagi, Need for Speed o‘ynab ulg‘aygan bola esa his-tuyg‘ularini baqirib chiqarishni istaydi. Tuyg‘u jihatidan bu qandaydir attraksionni eslatadi, faqat bu yerda oldindan belgilangan trayektoriya va “stop” tugmasi yo‘q. Hammasi juda tez sodir bo‘ladi, nazorat esa ruldagi inson qo‘lida qoladi.

Pilotning ishi ayniqsa hayratlanarli. Rul doimo harakatda: haydovchi burilish burchagini ushlab turadi, trayektoriyani bir zumda to‘g‘rilaydi va bir vaqtning o‘zida gazni ham nazorat qiladi. Yo‘lovchiga esa faqat mahkam ushlanib, yon oynadan sodir bo‘layotgan voqealarni o‘tkazib yubormaslik qoladi. Har bir keyingi soniya boshqacha his qilinadi: avtomobil goh keskin tezlashadi, goh yonlama sirpanadi, goh yana to‘g‘rilanadi.

Bu taassurotlar uchun driftchi Furkatga va bu safarni amalga oshirishga imkon bergan Promotors Show tashkilotchilariga katta rahmat. Bu rulda birinchi marta avtomobil boshqarganimdan keyingi ikkinchi safar bo‘ldi va uni umrbod eslab qolaman.

Tyuning — avtomobil xarakterga aylanganda

Asosiy pavilyonda butunlay boshqa sur’atda festivalning yana bir muhim qismi — tyuning qilingan avtomobillar tanlovi davom etdi. Bu yerda avtomobil ishqibozlari tashqi ko‘rinishga urg‘u berish, texnik qismlarni to‘liq o‘zgartirish yoki mashinani bitta g‘oya atrofida yig‘ish qanday amalga oshirilishini ko‘rsatdi. Natijada yonma-yon bir-biridan mutlaqo farq qiladigan loyihalar turdi va ularning har biri egasi haqida nimanidir hikoya qildi.

Aynan shunday uchrashuvlar tyuningning shunchaki o‘zgartirishlar to‘plami emas, balki alohida madaniyatga aylanishiga yordam beradi. Odamlar o‘z loyihalarini namoyish etadi, yechimlarni muhokama qiladi, yangi aloqalar va ilhom topadi. Shu sababli tashkilotchilar Promotors Show’ni avtomobil egalari, tyunerlar, avtoklublar, blogerlar va avtomobil biznesi vakillari uchun muloqot maydoni deb ataydi.

Besh mamlakat — bitta avtomobil sahnasi

Festival allaqachon bir shahar, hatto bir mamlakat doirasidan chiqib ketgan. 2026-yilda Samarqandga besh mamlakatdan ishtirokchilar kelib, o‘zlari bilan turli avtomobillar va mutlaqo har xil tajribalarni olib keldi. Bunday tadbirlarning asosiy qadriyatlaridan biri ham shunda: bu yerda nafaqat noyob avtomobilni ko‘rish, balki uning egasi bilan suhbatlashish, loyiha tarixini bilish va turli mamlakatlardagi avtomobil ishqibozlarining yondashuvlarini taqqoslash mumkin.

Ikki kun davomida festival retroavtomobillar, sport, tyuning, drift, avtozvuk va shunchaki avtomobillarga bo‘lgan muhabbatni birlashtirdi. Ammo asosiy taassurot biror bitta avtomobil yoki alohida yurishdan qolmadi. U mintaqadagi avtomobil hamjamiyati uchun uchrashuv nuqtasiga aylandi. Bu yerga nafaqat mashinasini ko‘rsatish, balki boshqalar nimalar yaratayotganini ko‘rish, tanishish, tajriba almashish va bularning barchasiga chin dildan qiziqadigan insonlar orasida dam olish kunlarini o‘tkazish uchun ham kelishadi.


“Afishа"ning fotojamlanmasini quyida tomosha qiling.

Nikita Davidov
Muallif
Nikita Davidov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling