“Salar” kanali bo‘ylab sayr hududini Central Parkgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda

E’lon qilingan sana: · 47
“Salar” kanali bo‘ylab sayr hududini Central Parkgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda
Foto: Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi
Loyiha eskizi

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida “Salar” kanali bo‘ylab, tuman hokimiyati binosidan Central Parkgacha bo‘lgan qariyb 1,5 km hududni obodonlashtirish rejalashtirilmoqda. Loyiha hokimiyat yaqinida avval tashkil etilgan sayr hududini davom ettirishni nazarda tutadi.

Hududda piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etish, o‘rindiqlar va ayvonlar o‘rnatish, shuningdek, bolalar va vorkaut maydonchalarini jihozlash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan insonlar uchun maxsus yo‘laklar ham ko‘zda tutilgan. Mavjud daraxtlar va yashil hududlarni saqlab qolish hamda ularni tartibga keltirish rejalashtirilmoqda.

E’lon qilingan eskizlardan ko‘rinishicha, kanal bo‘ylab hokimiyat binosi yaqinida allaqachon o‘rnatilganiga o‘xshash baland panjara paydo bo‘ladi. Velosiped yo‘lagi esa bevosita panjara yonida joylashtiriladi.

Loyiha doirasida kanal bo‘ylab joylashgan binolar ham xatlovdan o‘tkaziladi. Noqonuniy egallangan hududlarni belgilangan tartibga muvofiqlashtirish rejalashtirilmoqda.

“Mirzakalon Ismoiliy” mahallasidagi 1A, 2, 3, 5 va 7-uylarning birinchi qavatlarida tadbirkorlik obyektlarini joylashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling