Lutfiy ko‘chasida velosiped va skuterlar uchun alohida yo‘lak sinovdan o‘tkazildi

Toshkentda Lutfiy ko‘chasining 2,4 kilometr uzunlikdagi qismida velosipedlar, elektr samokatlar, elektr skuterlar va boshqa mikromobillik vositalari uchun alohida yo‘lak test rejimida tashkil etildi.
U yo‘lakda emas, alohida qatnov qismida joylashgan bo‘lib, avtomobillardan yo‘l chizig‘i orqali ajratilgan.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazining ma’lum qilishicha, pilot loyiha ijobiy natija ko‘rsatgan. Alohida yo‘lak avtomobillar, piyodalar va mikromobillik vositalari foydalanuvchilari oqimini ajratish imkonini bermoqda.
Keyingi loyihalarda bunday yo‘laklarni avtomobillardan yanada samarali himoyalash, jumladan, delinatorlar, ajratuvchi va boshqa himoya elementlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Sinov natijalariga ko‘ra, mutaxassislar Toshkentdagi boshqa ko‘chalarda ham xuddi shunday yechimni qo‘llash mumkin bo‘lgan hududlarni ko‘rib chiqmoqda.






