Qarmoqlarni tayyorlang: Toshkent va uning atrofidagi baliq ovlash mumkin bo‘lgan joylar

Baliq ovi — faqatgina yaxshi o‘lja ilinishini kutish emas. Bu tongni suv bo‘yida qarshi olish, quyosh chiqishini tomosha qilish, bir necha soatga telefonni chetga qo‘yish va sokinlik terapiyasi bilan zavqlanish uchun ham yaxshi imkoniyat. Toshkent shahrining o‘zida baliq ovlashga mos joylar ko‘p emas, biroq poytaxtdan bir-ikki soatlik masofada tajribali baliqchilar ham, bu mashg‘ulotni endi boshlayotganlar ham borishi mumkin bo‘lgan suv havzalari mavjud.
Tog‘lar orasidagi Chorvoq, shaharga yaqin Tuyabo‘g‘iz yoki Sirdaryoning keng qirg‘oqlari — Toshkent atrofida baliq ovlash, tabiat qo‘ynida dam olish va shahar shovqinidan uzoqlashish mumkin bo‘lgan joylar talaygina. Afisha.uz havaskor baliqchilar uchun turli manzillarni bir joyga jamladi.
Chorvoq suv ombori

Bu Toshkent atrofidagi eng mashhur dam olish manzillaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, baliq ovlash uchun ham mos keladi. Tog‘lar bilan o‘ralgan suv omborida baliq tutish manzarali sayohatga aylanadi: bu yerga nafaqat ulov, balki musaffo havo va sokinlik uchun ham kelish mumkin.
Chorvoqda zog‘orabaliq, oq amur, do‘ngpeshona, laqqa va boshqa turdagi baliqlar uchraydi. Tajribali baliqchilar qirg‘oqdan qarmoq tashlash bilan birga, tegishli qoidalarga rioya qilgan holda qayiqdan ham ov qilishadi.
Odam gavjum plyajlar va dam olish zonalaridan uzoqroq, qirg‘og‘i ochiq joyni tanlagan ma’qul. Suv sathi mavsumga qarab o‘zgarishi, ayrim hududlarga esa kirish cheklangan bo‘lishi mumkin.
Masofa: Toshkent markazidan taxminan 80 kilometr.
Kimlar uchun: baliq ovini tog‘lar bag‘ridagi dam olish bilan birlashtirmoqchi bo‘lganlar uchun.
E’tiborli jihati: shamol tez kuchayishi va ob-havo qisqa vaqt ichida o‘zgarishi mumkin.
Tuyaboʻgʻiz suv ombori

Tuyabo‘g‘iz suv ombori, xalq orasida “Toshkent dengizi” nomi bilan ham tanilgan, poytaxtga eng yaqin yirik baliq ovlash joylaridan biridir. Shu sabab dam olish kunlari bu yerda qarmoq ko‘targan odamlarni ko‘p uchratish mumkin.
Suv omborida zog‘orabaliq, karas, oq amur, do‘ngpeshona va laqqa kabi baliqlar bor. Qirg‘oqning sayoz va qamishzor qismlari karas ovlash uchun, chuqurroq joylari esa yirikroq baliq ilinishini kutadiganlar uchun ma’qul.
Tuyabo‘g‘izga erta tongda yo‘l olish tavsiya etiladi: bunda nafaqat baliq ovlash uchun yaxshi joy topish, balki issiq havo harorati ko‘tarilgunga qadar bir necha soat sokinlikda oʻtirish mumkin.
Masofa: Toshkentdan yo‘nalishga qarab taxminan 35−50 kilometr.
Kimlar uchun: shahardan uzoqqa ketmasdan, bir kunlik baliq ovi tashkil qilmoqchi bo‘lganlar uchun.
E’tiborli jihati: ayrim qirg‘oq qismlari baliqchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan bo‘lishi mumkin. Qarmoq tashlashdan oldin shu hududdagi qoidalarni aniqlashtirish kerak.
Sirdaryo va Chinoz atrofi
Katta daryoda baliq ovlash tajribasi ko‘l yoki sun’iy hovuzdagi ovdan farq qiladi. Oqim tezligi, suv chuqurligi va qirg‘oq holatini hisobga olish talab etiladi. Shu bois Sirdaryoning Chinoz yaqinidagi qismlari tajribali baliqchilar orasida mashhur.
Bu yerlarda zog‘orabaliq, laqqa, oq amur, do‘ngpeshona, sudak va boshqa baliq turlarini uchratish mumkin. Laqqa yoki yirik zog‘orabaliq ovlashni rejalashtirganlar odatda mustahkamroq qarmoq va og‘irroq yuklardan foydalanadi.
Daryo bo‘yida soyali joylar hamda ichimlik suvi topish har doim ham oson emas. Oziq-ovqat, yetarlicha suv, bosh kiyim va quyoshdan himoyalovchi vositalarni oldindan tayyorlash kerak.
Masofa: Toshkentdan Chinozgacha taxminan 60−70 kilometr.
Kimlar uchun: tabiiy suv havzasida jiddiyroq baliq ovini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar uchun.
E’tiborli jihati: kuchli oqim va sirpanchiq qirg‘oq sababli bolalar bilan borilganda ayniqsa ehtiyot bo‘lish zarur.
Chirchiq daryosi

Uzoq yo‘lga chiqishni istamaydiganlar Chirchiq daryosi bo‘yidagi ochiq hududlarni ko‘rib chiqsa boʻladi. Chirchiq daryosida va uning tarmoqlarida baliq ovlash havaskor baliqchilar orasida juda ommabop boʻlib, daryoning deyarli barcha tabiiy hududlarida qonuniy ruxsat etilgan qarmoqlar yordamida baliq ovlash mumkin. Biroq, toʻr solish, elektr qarmoq yoki kimyoviy moddalardan foydalanish qat’iyan taqiqlangan va bu brakonyerlik hisoblanadi.
Bu joy yirik oʻljadan ko‘ra, tabiat qo‘ynida bir necha soat hordiq chiqarish va yengil qarmoq bilan omadni sinab ko‘rish uchun mosroq.
Daryoning barcha qismi ham baliq ovlash uchun ochiq emas. Ko‘priklar, to‘g‘onlar, elektr stansiyalari va muhofaza qilinadigan hududlar yaqinida qarmoq tashlamaslik kerak.
Baliqchilar orasida eng mashhur va baliq ovlash qulay mumkin boʻlgan asosiy hududlar quyidagilardir:
- Gʻazalkent va Chirchiq shahri atrofi. Daryoning togʻoldi va yuqori hududlarida suv tez oqadi. Bu joylarda asosan xramulya (qora baliq), marinka va shved baliqlari uchraydi.
-
Bektemir va Sergeli tumanlari atrofi. Daryoning shahar chetidan oqib oʻtuvchi qirgʻoqlari va daryodan chiquvchi kanallar (masalan, Boʻzsuv tizimi) atrofida havaskor baliqchilar tez-tez qarmoq tashlashadi. Bu joylarda oq amur, karas va mayda laqqa baliqlar uchraydi.
-
Daryoning quyi oqimi (Sirdaryoga quyilish joylari) Yangiyoʻl va Quyichirchiq tumanlari. Quyichirchiq tumanining “Qoʻrgʻoncha” qoʻrgʻoni va atrofidagi hududlar tabiat qoʻynida baliq ovlash uchun qulay hisoblanadi. Bu yerlarda yirik sazan, doʻngpesh (tolstolobik) va laqqa baliqlarni uchrash ehtimoli yuqori.
Shuningdek, Gidrotexnik inshootlar va koʻpriklar atrofi: Toʻgʻonlar (damba), shlyuzlar, gidroelektrostansiyalar (GES) hamda daryo ustidagi barcha turdagi koʻpriklardan (temir yoʻl va avtomobil yoʻli koʻpriklari) 500 metr gacha boʻlgan masofada baliq ovlash xavfsizlik va strategik sabablarga koʻra ta’qiqlangan.
Daryoning umumiy foydalanishdagi barcha tabiiy qismlarida havaskorlik qarmogʻi (oddiy udachka, spinning) bilan baliq ovlashga ruxsat berilgan.
Quyidagi holatlarda esa u yerda ov qilish noqonuniyga aylanadi: daryoning istalgan joyida leskali toʻrlar, sachoklar yoki aylana toʻrlar (“nakidka”) tashlash mutlaqo ta’qiqlangan va bu jinoyat hisoblanadi.
Shu bilan birgalikda, bahorgi ta’qiq davri ham bor. Joyidan qat’i nazar, Chirchiq daryosida har yili 16-apreldan 31-maygacha (baliq koʻpayish davrida) har qanday baliq ovi ta’qiqlanadi.
Masofa: tanlangan joyga qarab Toshkentdan 25−60 kilometr.
Kimlar uchun: qisqa muddatli va shaharga yaqin baliq ovini rejalashtirayotganlar uchun.
E’tiborli jihati: suvga tushishdan oldin oqim tezligini baholash lozim.
Piskom daryosi

Tog‘ daryosida baliq ovlash alohida tayyorgarlik va tajribani talab qiladi. Piskomda suv sovuq, oqim tez, qirg‘oq esa ko‘plab joylarda toshli va murakkab. Biroq aynan shu sharoit baliq ovini kichik sarguzashtga aylantiradi.
Bu yo‘nalishga sirpanmaydigan poyabzal va ob-havoga mos kiyim bilan borish tavsiya etiladi. Daryoning ayrim qismlari Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i yoki boshqa muhofaza qilinadigan hududlarga kirishi mumkin. Shuning uchun tanlangan joyda baliq ovlashga ruxsat borligini oldindan aniqlash muhim.
Masofa: Toshkentdan taxminan 110−140 kilometr.
Kimlar uchun: tog‘ yo‘llarini yaxshi biladigan va faol dam olishni yoqtiradigan tajribali baliqchilar uchun.
E’tiborli jihati: yolg‘iz bormaslik, ob-havo ma’lumotlarini tekshirish va qorong‘i tushmasdan qaytish tavsiya qilinadi.
Pulli baliqchilik hovuzlari
Birinchi marta qarmoq tutayotganlar uchun maxsus baliqlantirilgan pulli hovuzlar qulayroq variant bo‘lishi mumkin. Bunday maskanlar ko‘proq Qibray, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Parkent va Toshkent viloyatining boshqa tumanlarida uchraydi.
Odatda hovuzlarda zog‘orabaliq, karas, oq amur yoki do‘ngpeshona yetishtiriladi. Ba’zi maskanlarda qarmoq ijarasi, ayvon, stol-stul, mangal va tutilgan baliqni tayyorlab berish xizmati ham mavjud.
To‘lov tartibi har bir xo‘jalikda har xil: ayrim joylarda kirish uchun alohida haq olinadi, boshqalarida esa tutilgan baliq vazniga qarab hisob-kitob qilinadi. Ba’zan ikkala to‘lov ham mavjud bo‘lishi mumkin.
Borishdan oldin telefon orqali quyidagilarni aniqlashtirish kerak:
- kirish narxi;
- tutilgan baliq uchun alohida to‘lov bor-yo‘qligi;
- qarmoq va boshqa anjomlar ijarasi;
- baliqni qaytarib suvga qo‘yish mumkinligi;
- ayvon yoki tapchan band qilish tartibi;
- tungi baliq oviga ruxsat berilishi.
Masalan, baliq ovini oilaviy dam olish bilan birlashtirmoqchi bo‘lganlar uchun bir nechta xususiy, pulli maskanlar ham bor.
- Golden Fish — Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani, O‘rtasaroy hududidagi, Toshloq MFYda, poytaxtdan avtomobilda taxminan 45 daqiqalik masofada joylashgan. Telefon: +998 95 170−11−07.
- Usmon Ota — Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, Xalqobod hududidagi, Ma’rifat ko‘chasida joylashgan. Telefon: 93 180−28−22, 33 380−28−22.
- Lago Park — Toshkent shahri, Mirobod tumani, Abdurauf Fitrat 5-tor ko‘chasi, 44A manzilda joylashgan. Telefon: +998 97 008−35−35.
- Fish Brancho — G‘azalkent yo‘nalishidagi, Chorvoq yo‘li bo‘ylab moʻljalida joylashgan. Telefon: +998 95 835−11−22.
- Viva Lake — Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumani, Tuyabo‘g‘iz suv ombori bo‘yida joylashgan. Telefon: +998 88 100−09−90, +998 50 077−98−70.
Baliq oviga qachon borgan ma’qul?
Iyun oyidan oktyabr oxirigacha bo‘lgan vaqt, yoz va kuzning iliq kunlari Toshkent atrofida baliq ovlash uchun qulay davr hisoblanadi. Yozda baliqlar tong saharda va quyosh botishidan oldin faolroq bo‘ladi. Kunduzi suv isib ketgani sababli ular chuqurroq yoki soyali qismlarga ketishi mumkin.
Salqin mavsumda esa kunning iliqroq qismi — tushga yaqin vaqt samaraliroq bo‘lishi mumkin. Kuchli shamol, keskin sovish, yomg‘irdan keyingi loyqa suv va atmosfera bosimining o‘zgarishi baliq faolligiga ta’sir qiladi.
O‘zingiz bilan nimalar olish kerak?
Qarmoq va yemdan tashqari, suv bo‘yidagi dam olish uchun yana bir nechta buyum asqatadi:
- bosh kiyim va quyoshdan himoyalovchi krem;
- yetarlicha ichimlik suvi;
- hasharotlarga qarshi vosita;
- sirpanmaydigan poyabzal;
- fonar yoki boshga taqiladigan chiroq;
- kichik dori qutisi;
- chiqindilar uchun paket;
- telefon uchun quvvatlagich yoki powerbank.
Agar tutilgan baliqni uyga olib ketish rejalashtirilgan bo‘lsa, uni saqlash uchun muzli termokonteyner ham kerak bo‘ladi.
Baliq ovlash qoidalarini unutmang
O‘zbekistonda tabiiy suv havzalarida sport va havaskorlik maqsadida bir sutkada 5 kilogrammgacha yoki vazni 5 kilogrammdan ortiq bo‘lgan bitta baliqni bepul ovlashga ruxsat beriladi.
Baliqlarning ko‘payish davrida Sirdaryoda 11-martdan 31-maygacha, boshqa tabiiy suv havzalarida esa 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlanadi. To‘r, elektr qarmoq, portlovchi yoki kimyoviy vositalar kabi brakonyerlik usullaridan foydalanish mumkin emas.
Qo‘riqxonalar, milliy tabiat bog‘lari, baliqlarning ko‘payish joylari, to‘g‘onlar va boshqa qo‘riqlanadigan hududlarda ham alohida cheklovlar amal qilishi mumkin. Shu sabab yo‘lga chiqishdan oldin tanlangan hudud maqomi va mahalliy qoidalarni tekshirish tavsiya etiladi.



