Toshkentda 1-oktyabrdan avtobus va metroda yo‘l haqi 800 so‘mga qimmatlaydi

Toshkent jamoat transportida 1-oktyabrdan yo‘l haqi hozirgi 1 700 so‘m o‘rniga (elektron to‘lovda) 2 500 so‘mni tashkil etadi. Tegishli qarorni Toshkent shahar Kengashi qabul qildi.
Naqd pulda to‘lov qilganda yo‘l haqi 3 000 so‘m miqdorida saqlanib qoladi. Bagaj olib yurish 4 000 so‘m turadi (bu summani qanday to‘lash mumkinligi haqida ma’lumot berilmagan). Yangi tariflar avtobuslarga ham, metropolitenlarga ham tatbiq etiladi. Qaror 2026-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi.
Shu bilan birga, transport kartalari uchun yangi tarif rejalari ham tasdiqlandi. Ular ma’lum miqdordagi safarlarga mo‘ljallangan bo‘lib, 50 foizgacha chegirmalarni nazarda tutadi:
- 1 kun, avtobus — 6 ta safar uchun 11 500 so‘m;
- 1 oy, avtobus — 130 ta safar uchun 250 000 so‘m;
- 1 yil, avtobus — 1560 ta safar uchun 1,95 mln so‘m;
- 1 kun, avtobus + metro — 7 ta safar uchun 13 500 so‘m;
- 1 oy, avtobus + metro — 180 ta safar uchun 345 000 so‘m;
- 1 yil, avtobus + metro — 2160 ta safar uchun 2,7 mln so‘m.
Shuningdek, 10, 20 va 30 ta safarga mo‘ljallangan paketlar ham mavjud bo‘lib, ularning narxi mos ravishda 19 000, 38 500 va 57 500 so‘mni tashkil etadi.
Maktab o‘quvchilari, talabalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bunday tarif paketlarini xarid qilishda qo‘shimcha 50 foizlik chegirma nazarda tutilgan. Shu bilan birga, ayrim toifadagi fuqarolar uchun bepul yurish huquqi saqlanib qoladi.
Imtiyozli qayta chiqish tizimi ham saqlanib qoladi. Transport kartasidan foydalanganda birinchi safar 2 500 so‘m, ikkinchisi — 1 500 so‘m, uchinchi va undan keyingi safarlar esa bir soat doirasida bepul bo‘lishi mumkin.
Masalan, avtobuslarda ketma-ket safarlarda 2 500 + 1 500 + 0 + 0 sxemasi amal qiladi. Avtobus va metro kombinatsiyasida ham qayta chiqishlar 1 500 so‘mdan hisoblanadi, ayrim keyingi safarlar esa bepul bo‘ladi.
Bir soat ichida qayta chiqishlar uchun chegirmalar (A — avtobus, M — metro):
- A-A-A-A — 2500−1500−0-0;
- A-A-A-M — 2500−1500−0-1500;
- A-A-M-A — 2500−1500−1500−0;
- A-M-A-A — 2500−1500−1500−0;
- M-A-A-A — 2500−1500−1500−0.
60 daqiqalik hisob birinchi safar uchun to‘lov qilingan paytdan boshlanadi. Bunda bir soatlik tarif doirasida metropolitendan faqat bir marta foydalanish mumkin. Agar yo‘lovchi metrodan qayta foydalansa, yangi 60 daqiqalik davr boshidan boshlanadi.