Botanika bog‘ida yangi ko‘l tashkil etiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Botanika bog‘i hududida daraxtlar kesilayotgani va qurilish ishlari boshlanganiga doir xabarlar tarqaldi. Yunusobod tumani hokimligi bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, hududda daraxt kesish ishlari olib borilmayapti. Aksincha, aholi uchun qulay dam olish sharoitlarini yaratish va daraxtlar uchun zarur namlikni oshirish maqsadida maxsus loyiha asosida sun’iy ko‘l tashkil etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, ko‘l maydoni 0,5 gektar, suv hajmi 10 ming kub metr bo‘ladi. Shuningdek, 1,2 km uzunlikdagi velosiped va piyodalar yo‘lagi tashkil etiladi hamda qo‘shimcha 180 tup daraxt ekiladi.
Hokimlik fuqarolarni asossiz xabarlarga ishonmaslik va hududdagi holatlar yuzasidan rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.