Dunyodagi eng mashhur YouTube bloger MrBeast Toshkentga keladi

MrBeast nomi bilan tanilgan Jimmi Donaldson O‘zbekistonga tashrif buyuradi. 9-oktyabr kuni u Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jamoatchilik dasturida ishtirok etadi.
Ro‘yxatdan o‘tgan muxlislar orasidan tasodifiy tanlab olinganlar tadbirda qatnashib, bloger bilan shaxsan uchrashish imkoniga ega bo‘ladi. Ishtirok etish bepul, buning uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Uchrashuv interaktiv o‘yinlar, jumladan, kam tanilgan faktlarni bilishga oid trivia viktorinasi formatida o‘tadi. G‘oliblarga qimmatbaho sovrinlar topshiriladi. Tadbirda 18 yoshdan katta shaxslar qatnashishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish 6−8-oktyabr kunlari davom etadi.
Ishtirok etish shartlari:
Qoidalarga ko‘ra, har bir shaxs o‘z nomidan, haqiqiy telefon raqami va shaxsni tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari bilan faqat bitta ariza topshirishi mumkin. Takroriy va avtomatik yuborilgan arizalar bekor qilinadi.
Ishtirokchilar mos keladigan arizalar orasidan tasodifiy tarzda tanlanadi. G‘oliblar bilan maxfiy ravishda bog‘lanib, tadbirning sanasi va joyi ma’lum qilinadi. Ularning ismlari ochiq e’lon qilinmaydi.
Joylar shaxsiy bo‘ladi va boshqa kishilarga berilishi mumkin emas. Tadbirga kirishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat va ro‘yxatdan o‘tganlik tasdig‘i talab etiladi.
MrBeast yirik byudjetli, murakkab sahnalashtirish va katta sovrin jamg‘armalariga ega keng ko‘lamli videoloyihalari bilan tanilgan. U videokontent yaratishga minglab odamlarni jalb qiladi, uning viktorinalari esa tanlov va o‘yinlarni tomoshabop shoularga aylantiradi. Uning kanallaridan biri — Beast Philanthropy ochlikka qarshi kurashish, toza suvdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, tibbiy yordam ko‘rsatish, dunyo bo‘ylab bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ekologik tashabbuslarga bag‘ishlangan.
Donaldsonning YouTube kanallariga 500 milliondan ortiq foydalanuvchi obuna bo‘lgan. Bu uni videoxostingdagi eng mashhur blogerga aylantiradi.
MrBeast’ning tashrifi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan tashkil etilmoqda.