Toshkentdagi Farg‘ona yo‘lida avtobus yo‘laklarini nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi

E’lon qilingan sana: · 47
Toshkentdagi Farg‘ona yo‘lida avtobus yo‘laklarini nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi

Toshkentdagi Farg‘ona yo‘lida jamoat transporti uchun ajratilgan “A” yo‘laklaridagi harakatni nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi. Ular yo‘lning har ikki yo‘nalishidagi 6 kilometrlik qismini qamrab oladi.

Kameralar ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi. Bunday kameralar poytaxtning boshqa ko‘chalarida ham bosqichma-bosqich o‘rnatilmoqda.

Ajratilgan yo‘laklar va BRT tizimini rivojlantirishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri jamoat transportiga ustuvorlik berishdir. Bitta avtobusda bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lishi mumkin. Shu sababli avtobus yo‘lagini egallab, uning harakatiga xalaqit berayotgan avtomobil o‘zidagi yo‘lovchilardan ancha ko‘proq odamning kechikishiga sabab bo‘ladi.

Avtobus yo‘laklarining bo‘sh bo‘lishi jamoat transportining avtomobillar to‘siqlarisiz harakatlanishini, yo‘lovchilarning esa manziliga tezroq yetib borishini ta’minlaydi.

Soat 6:00 dan 23:00 gacha tegishli ruxsatga ega bo‘lmagan transport vositalarining “A” yo‘laklarida harakatlanishi taqiqlanadi.

Haydovchilardan yo‘l belgilari va chiziqlari talablariga rioya qilish, taqiqlangan vaqtda ajratilgan yo‘laklarni egallamaslik so‘ralmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling