UzPost Fest: Toshkentda qo‘lda xat yozish madaniyati qanday qayta tiklanmoqda?

Toshkentda xat yozish va otkritka yuborish madaniyatiga bag‘ishlangan UzPost Fest 2026 festivali bo‘lib o‘tdi. Dasturdan mahorat darslari, ma’ruzalar, mahalliy ijodkorlar yarmarkasi, otkritka almashish va o‘n yildan so‘ng ochiladigan vaqt kapsulasi joy oldi.
Festival g‘oyasi messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar davrida qo‘lda xat yozishga qiziqishni qaytarish istagidan tug‘ilgan. Bugun raqamli yozishmalarimizda minglab xabarlar saqlanadi, biroq ularning aksariyati yangi bildirishnomalar orasida tezda yo‘qolib ketadi.
Qo‘lda yozilgan xat esa insondan qoladigan, qo‘lga olib ko‘rish mumkin bo‘lgan esdalikdir. Uning dastxati, tanlagan so‘zlari va xat yozish uchun vaqt ajratganining o‘zi bunday maktubga alohida qadr va qiymat bag‘ishlaydi.
Festivalda nimalar bo‘ldi?
Festivalning asosiy maydonlaridan biri O‘zbekistondagi 30 ga yaqin rassom va otkritka ijodkorini birlashtirgan yarmarka bo‘ldi. Tashrif buyuruvchilar ularning ishlari bilan tanishib, o‘zi yoki yaqinlari uchun otkritkalar tanlash imkoniga ega bo‘ldi.

Festivalda, shuningdek, otkritkalar almashinuvi ham tashkil etildi: ishtirokchilar o‘zinikini qoldirib, evaziga istalgan boshqa otkritkani olishi mumkin edi. Yana bir mashg‘ulotda esa notanish insonga xat yozish va javoban maktub olish taklif qilindi.
Shu tariqa tashkilotchilar qog‘ozdagi yozishmalar o‘tmish xotirasigina emas, yangi tanishlar orttirish imkoniyati ham ekanini ko‘rsatishga harakat qildi.

Vaqt kapsulasi dasturning aynan oʻziga xos xususiyatlaridan biri edi. Bu orqali ishtirokchilar oʻn yil davomida saqlanadigan xatlar yozish imkoniyatiga ega boʻldi. Tashkilotchilar kelajakda loyihaga qaytishni rejalashtirmoqda, bu esa mualliflarga oʻz xabarlarini olish va yillar oʻtib ularni qayta oʻqish imkonini beradi.

Festival uchun maxsus video ham tayyorlanib, kinozalda namoyish etildi. Jamoa pochta va otkritkalar bilan faoliyati bog‘liq insonlar, jumladan, pochta xodimlari va “O‘zbekiston pochtasi” bosh direktori bilan intervyular yozib olgan.
Suhbat qahramonlari shaxsiy tajribasi va xatlar hayotida qanday ahamiyat kasb etgani haqida so‘zlab berdi.
Otkritkalar, arxitektura va yozishmalar tarixiga bag‘ishlangan ma’ruzalar
Festivalning ma’rifiy dasturi pochta madaniyatiga oid bir qancha mavzuni qamrab oldi. Ma’ruzalardan biri pochta otkritkasi obraziga bag‘ishlandi. “Tashkent Modernism” loyihasi vakillari esa Toshkent bosh pochta boʻlimi tarixi, binoning me’moriy g‘oyasi, undagi installyatsiyalar va ekspozitsiyalar haqida so‘zlab berdi.

Shuningdek, xatlarning jahon tarixidagi o‘rni, yozishmalar madaniyati asrlar davomida va turli davrlarda qanday o‘zgargani hamda bugungi kunda qanday davom etayotgani haqida hikoya qiluvchi global xatlar tarixi taqdim etildi. Xabar yetkazishda foydalanilgan pochta kaptarlari hamda postkrossing — turli mamlakatlardagi insonlar bilan otkritka almashishga ham alohida ma’ruzalar bag‘ishlandi.
Barcha ma’ruzalar va mahorat darslari bepul edi. Tashkilotchilarning soʻzlariga koʻra, ayrim mashg‘ulotlar uchun joylar tezda band qilingan. Shunga qaramay, qatnashishni istaganlarni navbat asosida ham qabul qilishgan.

Bugun nega xat yozish kerak?
UzPost Fest nafaqat tashrif buyuruvchilarni pochta xizmati tarixi bilan tanishtirishni, balki qoʻlda yozilgan yozishmalarni kundalik hayotga qaytarishni ham maqsad qilgan. Tashkilotchilar festivaldan soʻng odamlar oila a’zolari, doʻstlari va tanishlariga, shu jumladan, chet elda yashovchilarga ham tez-tez xat yuborishni boshlashlariga umid qilmoqda.
Loyihaning yana bir vazifasi — O‘zbekistonda xat jo‘natish qiyin emasligini ko‘rsatish. Pochta bo‘limlari ishlashda davom etmoqda, qog‘ozga bitilgan maktub esa messenjerda yuboriladigan odatiy xabarga muqobil bo‘lishi mumkin.

Jamoa UzPost Fest’ni har yili o‘tkazishni rejalashtirmoqda va kelgusi yil yana tashrif buyuruvchilar bilan uchrashishga umid qilmoqda.
Muloqot tobora ekrandagi qisqa xabarlarga aylanib borayotgan dunyoda qo‘lda xat yozish biroz to‘xtab, boshqa insonga ko‘proq e’tibor va vaqt ajratishga undaydi. Ehtimol, shuning uchun ham qo‘lda yozilgan otkritka SMS yozishmalar orasida yo‘qolgan xabarga qaraganda o‘sha lahzaning iliqligini uzoqroq saqlab qolar.