Toshkentning Sergeli tumanida sun'iy koʻl qurilmoqda

E’lon qilingan sana: · 186
Toshkentning Sergeli tumanida sun'iy koʻl qurilmoqda

Sergeli tumanidagi Qumariq mahallasida sun’iy ko‘l, bolalar maydonchalari va ayvonlardan iborat yangi dam olish maskani barpo etilmoqda. Obyekt qurilishini 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Hududning umumiy maydoni 5 gektarni tashkil etadi, shundan 17 ming kvadrat metri suv havzasi uchun ajratiladi. Unga tutash hududda barbekyu zonalari tashkil etilib, quyosh panellari o‘rnatiladi. Suvni tozalash uchun filtrlash va ozonlash tizimlari ko‘zda tutilgan.

Shahar hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, geologik tadqiqotlar ushbu hududning loyihani amalga oshirish uchun yaroqli ekanini tasdiqlagan. Hozirda asosiy ishlarning 30 foizdan ortig‘i bajarilgan. Quruvchilar konstruksiyalarni armaturalash va mustahkamlash, shuningdek, tayanch devorini barpo etish bilan shug‘ullanmoqda.

Noyabrgacha qariyb 800 metr uzunlikdagi devor qurilishini yakunlash va suv havzasi uchun qazilgan chuqurlikdan tuproqni to‘liq olib chiqish rejalashtirilgan.

Yangi dam olish maskani atrofdagi hududda chang miqdorini kamaytirish va mikroiqlimni yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Loyiha Toshkentning barcha tumanlarida sun’iy ko‘llar tashkil etish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling