Yunusobod tumanidagi cheklov sabab ayrim avtobuslar yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartirildi

Yunusobod tumanida BRT yo‘l qurilishi va montaj ishlari olib borilayotgani munosabati bilan, 2026-yil 26-oktabrdan boshlab bir qancha avtobus yo‘nalishlari harakati o‘zgartirildi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 5, 82, 83, 123, 124-sonli avtobus yo‘nalishlari Ahmad Donish ko‘chasidan Amir Temur ko‘chasi orqali qayrilib olmasdan, to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanishini davom ettiradi.
Shuningdek, 3, 6, 7, 25, 96, 119, 149, 175-sonli avtobus yo‘nalishlari Ahmad Donish ko‘chasidan kelib, Amir Temur ko‘chasiga buriladi va harakatni davom ettirib, Shahriston metrosi yonidagi qayrilib olish joyi orqali ortga qayrilishni amalga oshiradi.

Boshqarma yoʻlovchilardan yo‘l yopilishi munosabati bilan vaqtincha tirbandliklar yuzaga kelishi va avtobuslar harakat oralig‘i (intervallari) o‘zgarishi mumkinligidan ogohlantirdi va safarlarni oldindan rejalashtirishni soʻradi.