Oltin tusga burkanayotgan Toshkent — suratlarda

Toshkentda ochiq havoda sayr qilib, daraxtlarning rang-barang barglaridan bahramand bo‘lish va shaharning o‘zgacha manzaralarini tomosha qilish uchun eng go‘zal vaqt boshlandi.

Agar kuzning haqiqiy ruhi va tinchligini his qilmoqchi bo‘lsangiz, Botanika bog‘i va shahar markazidagi xiyobonlar buning uchun eng ma’qul manzilga aylanadi. Bu yerda sarg‘ayotgan va allaqachon oltin tusga kirgan daraxtlar, oyoq ostida shitirlayotgan barglar va sokinlikdan zavqlanayotgan shaharliklarni uchratish mumkin.

Afisha.uz fotomuxbiri Toshkent ko‘chalari va Botanika bog‘i bo‘ylab sayr qilib, poytaxt kuzining eng go‘zal va iliq lahzalarini kadrlarga muhrladi.
Kimdir salqin havoda yugurib mashg‘ulot o‘tkazmoqda, kimdir farzandlari yo do‘stlari bilan sayr qilmoqda, yana kimdir bu go‘zallikni xotiraga muhrlash bilan ovora. Ulkan daraxtlarning yashildan sariq va yorqin za’faron rangga o‘tayotgan barglari orasidan tushayotgan iliq quyosh nurlari boqqa o‘zgacha ertaknamo kayfiyat bag‘ishlaydigandek go‘yo.

Kuz tarovati faqat bog‘larda emas, shaharning markaziy ko‘chalarida ham yorqin namoyon bo‘ladi. Yo‘l yoqasidagi oltin rangga kirgan daraxtlar poytaxt yo‘llariga ham o‘zgacha fayz berib turibdi.