LEGO 5363 ta detaldan iborat ulkan Godzilla konstruktorini chiqaradi

E’lon qilingan sana: · 276
LEGO 5363 ta detaldan iborat ulkan Godzilla konstruktorini chiqaradi

Balandligi 70 santimetrdan oshadigan konstruktor LEGO Ideas turkumi tarixidagi eng katta to‘plamga aylanadi. U 27-noyabrdan sotuvga chiqariladi.

LEGO kompaniyasi Legendary studiyasining Monsterverse kino olami asosida yaratilgan yangi LEGO Ideas Godzilla (21375) kolleksion konstruktorini taqdim etdi. To‘plam 5363 ta detaldan iborat bo‘lib, LEGO Ideas turkumi tarixidagi eng yirik konstruktor hisoblanadi.

Yig‘ilgan figuraning atom nuri o‘rnatilgan holatdagi balandligi 70 santimetrdan oshadi, eni 27 santimetr, uzunligi esa 40 santimetrni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, LEGOʻning standart minifigurasi Godzillaning to‘pig‘iga zo‘rg‘a yetadi.

Konstruktor maxluqning taniqli qiyofasini takrorlaydi: tangachali terisi, orqasidagi tishsimon plastinalari va ulkan dumi. Harakatlanuvchi birikmalar yordamida uning boshi, qo‘llari, bilaklari va barmoqlari holatini o‘zgartirib, turli jangovar pozalarni yaratish mumkin. To‘plamga atom nurini ifodalovchi ko‘k rangli detal ham kiritilgan bo‘lib, u til o‘rniga maxluqning og‘ziga o‘rnatiladi.

Konstruktor g‘oyasi LEGO Ideas platformasida MattE720 taxallusi bilan tanilgan nyu-yorklik Metyu Espozitoga tegishli. U modelni mustaqil ishlab chiqib, hamjamiyatga taqdim etgan. Ikki yildan ortiq vaqt davomida loyiha zarur bo‘lgan 10 mingta ovozni to‘plagan va shundan so‘ng LEGO tomonidan ommaviy ishlab chiqarish uchun ma’qullangan.

Espozitoning so‘zlariga ko‘ra, konstruktorni yaratishdagi eng murakkab qism Godzillaning boshi bo‘lgan. Muallif mashhur maxluqning tana nisbatlari, o‘lchamlari va o‘ziga xos qiyofasini imkon qadar aniq aks ettirishga intilgan.

Taqdimot 3-noyabr — Godzilla kunida bo‘lib o‘tdi. Ushbu sana 1954-yilda maxluq haqidagi ilk yapon filmi ekranlarga chiqqan kun munosabati bilan nishonlanadi.

LEGO Ideas Godzilla 27-noyabrdan LEGOʻning rasmiy do‘konlari va kompaniya saytida sotuvga chiqariladi. Uning narxi 449,99 dollar (5,36 mln so‘m) etib belgilangan. To‘plam 18 yoshdan katta xaridorlar uchun mo‘ljallangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling