Toshkentdagi Milliy bog‘da olti yil avval suvi quritilgan ko‘l qayta tiklanadi

E’lon qilingan sana: · 14
Toshkentdagi Milliy bog‘da olti yil avval suvi quritilgan ko‘l qayta tiklanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi yaqinidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida sun’iy ko‘lni qayta tiklash ishlari boshlandi. Taxminan uch gektar maydonni egallagan ko‘lning suvi 2020-yil bahorida quritilgan edi. Hozir uning o‘rnida yer ishlari olib borilmoqda.

Ko‘l poytaxtda chang miqdorini kamaytirish, havo sifati va mikroiqlimni yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida qayta tiklanadi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Avvalroq ko‘l o‘rnida kuzatuv minorasiga ega Light House restoran majmuasini qurish rejalashtirilgan edi. 2021-yilda bu yerda Milliy akademik drama teatrining yangi binosi qurilishi ham boshlangan. Biroq loyihalarning hech biri yakuniga yetkazilmagan.

E’lon qilingan renderga ko‘ra, yangilangan hududda ikkita yirik favvora, sayr yo‘laklari va oynali qoplamaga ega arka paydo bo‘lishi mumkin. Hozircha ko‘lning yakuniy ko‘rinishi taqdim etilgan eskizga qanchalik mos kelishi noma’lum.

Ko‘lni qayta tiklash Toshkentda 12 ta sun’iy suv havzasini barpo etish dasturiga kiritilgan. Shunga o‘xshash loyihalarni aeroport, G‘alaba bog‘i yaqinida, Uchtepa tumanida, Botanika bog‘ida hamda sobiq Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling