Toshkentda 22,7 km uzunlikdagi BRT avtobus yo‘lagi yaratilmoqda: u qaysi ko‘chalarni qamrab oladi?

E’lon qilingan sana: · 186
Toshkentda 22,7 km uzunlikdagi BRT avtobus yo‘lagi yaratilmoqda: u qaysi ko‘chalarni qamrab oladi?
Foto: Евгений Сорочин

Toshkentda tezkor avtobus qatnovi tizimi — BRTni rivojlantirish ishlari davom etmoqda. Uzunligi 22,7 kilometr bo‘lgan ilk yagona yo‘lak Sergeli va Yunusobod tumanlarini bog‘lab, to‘rtta yirik ko‘cha va prospektni qamrab oladi.

  • Yagona transport yo‘lagiga quyidagi ko‘chalar va prospektlar kiradi:

    • Shota Rustaveli ko‘chasi — 6,5 km (2025-yildan buyon BRT tizimi asosida ishlamoqda);
    • Shahrisabz ko‘chasi — 3,2 km (dastlabki 2,2 km qismi foydalanishga topshirilgan, qolgan qismida ishlar davom etmoqda);
    • Amir Temur shohko‘chasi — 7,6 km (qurilish ishlari boshlangan);
    • Yangi Sergeli ko‘chasi — 5,5 km (dastlabki ishlar boshlangan).

Loyiha doirasida nafaqat avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi, balki yo‘nalish bo‘ylab svetoforlar ham yangilanib, “yashil to‘lqin” tizimi joriy qilinadi. Shuningdek, sig‘imi kattaroq bekatlar va avtobus platformalari quriladi.

Bundan tashqari, bekatlarga avtobuslarning kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolar o‘rnatiladi. Ko‘chalardagi yoritish tizimi yangilanadi, videokuzatuv kameralari va SOS tugmalari joylashtiriladi.

Xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida avtobuslar sonini ko‘paytirish va yo‘nalishlar jadvalini optimallashtirish ham rejalashtirilgan.

BRT tizimining samaradorligiga misol sifatida Shota Rustaveli ko‘chasidagi ko‘rsatkichlar keltirilmoqda. Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda 2023-yilga nisbatan ushbu ko‘chada avtobuslarning o‘rtacha harakatlanish tezligi 45 foizga, yengil avtomobillarniki esa 18 foizga oshgan. Jamoat transportidan kunlik foydalanuvchilar soni 8 ming nafarga ko‘paygan. Shuningdek, Toshkentda 142 ming kishi shaxsiy avtomobil va taksidan jamoat transportiga o‘tgan.

BRT tizimini rivojlantirishdan ko‘zlangan maqsad — ko‘chalarda ko‘proq yo‘lovchi tashish imkoniyatini yaratish va ko‘proq yo‘lovchining harakatlanishini ta’minlashdir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Toshkentda 22,7 km uzunlikdagi BRT avtobus yo‘lagi yaratilmoqda: u qaysi ko‘chalarni qamrab oladi? — Toshkent Afishasi