Toshkentda davlat bayrog‘ining 35 yilligi munosabati bilan harbiy yurish o‘tkaziladi

E’lon qilingan sana: · 43
Toshkentda davlat bayrog‘ining 35 yilligi munosabati bilan harbiy yurish o‘tkaziladi

18-noyabr kuni Toshkentda harbiy xizmatchilarning O‘zbekiston davlat bayrog‘i bilan tantanali yurishi bo‘lib o‘tadi.

Tadbir respublika davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligiga bag‘ishlangan. Unda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligining qo‘riqlash qo‘shinlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya bo‘linmalari ishtirok etadi.

Yurish soat 11:00 da “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi yonidagi ko‘rgazmali chiqishlar bilan boshlanadi. Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar Sag‘bon va Zarqaynar ko‘chalari bo‘ylab, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi, “Chorsu” bozori va Toshkent sirki yonidan o‘tadi. Keyin yurish O‘zbekiston shohko‘chasi va Furqat ko‘chasi orqali “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi maydonigacha davom etadi.

“Xalqlar do‘stligi” maydonida ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etiladi. Faxriy qorovul jamoasi saf tayyorgarligini, qo‘l jangi ustalari o‘z mahoratini namoyish etadi. Harbiy bo‘linmalar jangovar chaqiriqlarni ijro etadi, orkestr esa tantanali defile taqdim etadi.

Soat 17:00 da “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi maydonida alohida bayram dasturi — Davlat bayrog‘i festivali boshlanadi. Dasturdan O‘zbekiston bayrog‘i bilan vertolyot parvozi va dronlar shousi o‘rin olgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling