Konsta televideniye sanoati haqida “Jonga tegdi” klipini e’lon qildi

E’lon qilingan sana· 821
Konsta televideniye sanoati haqida “Jonga tegdi” klipini e’lon qildi

O‘zbekistonlik reper Konsta (Sharif Abdullayev) 9-sentyabr kuni o‘zining oxirgi “Kulrang” albomidagi “Jonga tegdi” qo‘shig‘i klipini taqdim etdi. Yoshlar orasida “Odamlar nima deydi”, “Bilmaydi” kabi treklari bilan keng tanilgan Konsta ushbu trekida bir xil qolipga tushib qolgan televideniye va san’at haqida kuylaydi.

Klip tipik o‘zbek xonadoni interyeri sahnasi bilan boshlanadi. Eski servant, undagi qizil paxta gulli choynak-piyolalar, naqshli gulqog‘oz va eski uslubdagi lampalar.

Konsta televizorni yoqadi va unda mualliflik shousi ko‘rsatiladi. Bu kabi ko’rsatuvlar hozirda qator telekanallarda bor va ulardagi shov-shuvli holatlar turli tarmoqlarda ham aylanib turadi.

Shou qarsakbozlik bilan boshlanib, qarsakbozlik bilan davom etadi va xuddi shunday tugaydi ham.

Keyingi sahnada erkak ushbu shouni ovqatlanish jarayonida mazza qilib ko‘rib o‘tirgani tasvirlanadi.

Yuqoridan ko‘rsatilgan kadrda erkakning dasturxoniga ahamiyati beradigan bo‘lsak, juda ham ixcham, non, choy, ovqat va albatta qarshisida televizoridagi shou.

“Seriallar bir-biridan sayoz,
Aktyorlar xuddi daraxtdek,
Shuni ham ko‘radi odamlar серьёз,
O‘tirib xuddi karaxtdek”.

Bu jumlalarni yuqoridagi erkak ko‘rsatib bergan. Ammo keyingi sahnada Konstaning atrofida to‘plangan og‘zi yopilgan (skotchlangan) odamlar faqatgina boshini pastga-yuqoriga harakatlantirib, hamma gapni tasdiqlab turadi.

Keyingi sahna va qatorlarda serial va kinolarga o‘tiladi. Yana tipik o‘zbek oilasi va uning dasturxona, qaynona va kelin, o‘rtada kuyov. U tom ma’noda ham, ko‘chma ma’noda ham o‘rtada: xotin va onaning o‘rtasida (janjal va tortishuvlarda). “Serial"da qaynona va kelin janjallashayotgani ko‘rsatilgan.

Aytgancha, kadrda detallarga ham e’tibor berilgan, orqada dorga osilgan yuvilgan kiyimlar ham kadrga “ko‘proq o‘zbekchilik” berib turibdi.

Keyingi kadrda Konsta qo‘shiq kuylayapti, orqa fonda esa qaynona-kelin janjali. Kuyov esa jimgina o‘tiribdi.

Konsta yana “o‘zbekchilik” — qavat-qavat taxlangan ko‘rpachalar qurshovida.

Keyingi sahnada Konsta klipda ham, matnda ham rossiyalik qo‘shiqchi Jony’ning “Kometa” trekiga ishora qiladi. Ba’zi kuzatuvchilar klipdagi ushbu sahnani plagiat deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin, lekin bu plagiat emas, “отссылка”. Chunki qo‘shiqda aynan mana shunday so‘zlar bor:

“Bu ijoding xalqqa qanday ta’sir qilar,
Yaxshiroqku Jony Kometa’si bilan”.

To‘y. Qistir-qistir. To‘ybop qo‘shiqchi.

Ma’lumot uchun, Konsta to‘ylarga chiqmasligini aytadi. Sabab sifatida “format to‘g‘ri kelmasligi” deb aytgan.

“Ko‘rsat bizga qanday shaxssan,
Ko‘rsat ijoddan qanday maqsad”.

Ushbu so’zlar esa hozirda “konveyer” sifatida ketma-ket chiqayotgan bir xil turdagi ko’rsatuvlar, seriallarning tom ma’noda “ma'nosiz” va “maqsadsiz” ekanligiga ishora qilgan deyish mumkin.

Konsta klip haqida

Afisha.uz klip bo‘yicha izoh olish uchun Konsta bilan bog‘landi. Repper tashabbuskorlar, klip suratga olish jarayoni, rejissor, lokatsiya va boshqa muhim jihatlar haqida gapirib berdi.

“Umuman olganda, klip Farhod Norboyev (“Lokals Central Asia” kreativ agentligi rahbari — tahr.) tashabbusi bilan paydo bo‘ldi. U aynan mana shunday rep ishqibozi. Shuning uchun u bu obrazni qo‘llab-quvvatladi, aynan mana shunday dinamikani xohladi va menga shunday taklif bilan chiqdi.

Boshida bizda klipda ko‘rsatilgandan ko‘ra 3−4 baravar ko‘proq obraz bor edi. Biz ularni hammasini suratga oldik. Lekin oxirida kamrog‘ini qoldirishga qaror qildik. Xronometrajdan ularni olib tashlash juda qiyin bo‘ldi, lekin biz ko‘pini olib tashladik.

Klipda ko‘rsatilgan Mario o‘yini aslida ko‘proq bo‘lishi kerak edi, lekin uni olib tashladik. Sun’iy intellekt montajini ham qo‘shmoqchi edik, lekin uni ham olib tashladik", — deydi Sharif Abdullayev.

Konstaning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish jarayoni 2 kun davom etgan.

“Ikki kun 20 soatdan davom etgan suratga olish ishlarida 50 kishi qatnashdi. Yigitlar uxlamadi ham. Hammasi juda tez va produktiv bo‘lishi uchun ular bir nechta qiziqarli lokatsiyalar topishdi. Biz bir sahnani suratga olgunimizcha ikkinchi sahnani tayyorlab turishdi. Masalan, men va amaki televizor ko‘rib o‘tirgani ko‘rsatilgan joylar ikki xil. Uyda unaqa joy yo‘q edi, biz kadr uchun shunday joy tayyorladik”, — dedi Konsta.

Klip:

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ