Eminem 51 yoshda. Tirik afsonaning eng yaxshi 10 ta qo‘shig‘ini esga olamiz

E’lon qilingan sana· 509
Eminem 51 yoshda. Tirik afsonaning eng yaxshi 10 ta qo‘shig‘ini esga olamiz

17-oktyabr kuni amerikalik reper Eminem — Marshl Meters 51 yoshga to‘ldi. Barcha davrlarning eng buyuk va eng nufuzli hip-hop san’atkorlaridan biri hisoblangan Eminem o‘zining lirik hamda texnik mahorati va hikoyalari bilan musiqiy olamda o‘z izini qoldirishga ulgurgan.

1990-yillar o‘rtalarida ijodini boshlagan reper o‘zining 1999-yilda taqdim etilgan The Slim Shady LP albomi bilan mashhurlikka erishgan. Ushbu albomdagi “My Name is” trekini Eminemning muhlislari yaxshi eslaydi, haligacha pleylistida saqlaydi.

Eminemning muvaffaqiyati 2000-yillarda avjiga chiqadi. U 2000-yilda “The Marshall Mathers LP”, 2002-yilda “The Eminem Show” albomlarini taqdim etadi. Aynan ushbu albomdagi qo‘shiqlar uning karyerasida muhim o‘rin tutgan. Ular ushbu ro‘yxatda ham esga olinadi.

Afisha.uz tirik hip-hop afsonasining 51 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning eng yaxshi qo‘shiqlarini (aslida ular juda ko‘p bo‘lsa ham 10 tasini tanlab olishga harakat qildik) esga oladi.

Lose Yourself

Eminem deganda tinglovchilar birinchi bo‘lib aynan ushbu trekni esga olishi tayin. Eminemni Lose Yourself’siz, Lose Yourself’ni esa Eminemsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qo‘shiq matni qiyinchiliklar haqida, uni eshitib, ko‘pchilik motivatsiya olishi shubhasiz.

Bu nufuzli Academy Award for Best Original Song mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi rep qo‘shiq hisoblanadi. Bundan tashqari, bu trek “Sakkizinchi milya” (2002) — Marshlning hayot yo‘li haqidagi yarim avtobiografik filmi uchun maxsus yozilgan.

Stan

Qo‘shiq matni real voqealarga asoslangan. Qo‘shiqda Eminem uning xatlariga javob berolmagach o‘zini va sevgan qizini o‘ldirgan ashaddiy muhlis haqida hikoya qilinadi. Ushbu qo‘shiq mashhurlikka erishgandan so‘ng “Stan” so‘zi rasman ingliz tili lug‘atiga ham kiritilgan. Endilikda ushbu so‘z “o‘ta yoki haddan tashqari ishtiyoqli va sadoqatli muxlis"ni ta’riflash uchun ishlatiladi.

Mockingbird

Umid, sabr va cheksiz sevgi qo‘shig‘i. U bu trekni o‘z qiziga bag‘ishlagan. Eminem bu qo‘shiqda tez-tez sayohat qiladigan mashhur otasi va giyohvand moddalarga bog‘lanib qolgan onasi bilan og‘ir sharoitlarda o‘sayotgan ikki qizchaga qanchalik qiyin ekani haqida kuylaydi. Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan musiqa ham aynan shu qo‘shiqdan — kuplet — amerikacha alla:

Now hush, little baby, don’t you cry
Everything’s gonna be alright
Stiffen that upper lip up, little lady, I told ya
Daddy’s here to hold ya through the night

The Real Slim Shady

So‘z o‘yinlari, hazillar, sarkazmga boy matn va ajoyib musiqa uyg‘unligi. Eminem alter egosining isyonkor tabiati haqida kuylaydi.

My Name Is

1999-yilda The Slim Shady LP albomida e’lon qilingan bu trekka ko‘p ta’rif berib o‘tirish shart emas.

Hi, my name is (what?)
My name is (who?)
My name is (chka-chka, Slim Shady)

Not Afraid

Eminemdan yana bir motivatsion trek. Bu qo‘shiq bilan Marshl shaxsiy rivojlanish, giyohvandlik va ruhiy salomatlik muammolarini hal qilishga targ‘ib qiladi. Slim Shadyning muhlislari yana bir shunga o‘xshash eski qo‘shiqni yaxshi eslashadi — Till I Collapse.

Rap God

Bu trekni ta’riflashga hojat yo‘q. Bu qo‘shiq 1560 so‘z bilan Ginnesning rekordlar kitobiga eng ko‘p so‘zlarni o‘z ichiga olgan xit singl sifatida kiritilgan. Bu trekda Eminem tezlik bo‘yicha o‘zini ko‘rsatgan: 4:26 da boshlanadigan qismda Eminem 16,45 soniyada 157 bo‘g‘indan iborat bo‘lgan 99 so‘zni o‘qigan, bu o‘rtacha soniyada 6,1 so‘z yoki sekundiga 9,5 bo‘g‘in.

Smack That

Akon va Eminem ijrosidagi xit qo‘shiq. Musiqa boshlanishidan quloqqa tanish va yoqimli musiqa. Ba’zilarning ko‘ziga nostalgiya kirib ketishi ham mumkin.

Godzilla

Eminemni faqatgina eski qo‘shiqlari bilan eslash adolatdan emas. Nisbatan yangi trek — Godzilla ham uning ijodidagi yorqin qism. Godzilla 2020-yil Music to Be Murdered By albomida e’lon qilingan. Eminem bu trekda o‘zining rekordini yangilagan: sekundiga 11 bo‘g‘in yoki 30 soniyada 222 so‘z. Bu bilan u Niki Minaj va Labrinth bilan 2018-yilda kuylangan “Majesty” qo’shig’idagi sekundiga 10,4 bo‘g‘in va yuqoridagi Rap God’dagi 9,5 bo‘g‘in bilan o‘rnatilgan o‘zining rekordini buzolgan.

Sing for the Moment

Trek amerikalikning “The Eminem Show” (2002) albomidagi qo‘shiq. Eminemning bu klipdagi kiyinish stilliga o‘sha paytlarda ko‘pchilik havas qilgani va unga o‘xshashga harakat qilgani aniq.

Albatta, Eminem karyerasida davomida ko‘plab bu ro‘yxatga loyiq qo‘shiqlar ijro etgani shubhasiz, shu sababli ham uni shakllantirish juda qiyin bo‘ldi. Slim Shadyning “Without me”, “Superman”, “Till I Collapse”, Rayanna bilan birgalikda kuylagan “Love The Way You Lie” va “The Monster” treklarini ham e’tirof etmay iloji yo‘q.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov