PFL O‘zbekiston kubogi finalining promo roligini e’lon qildi

E’lon qilingan sana· 2 486
PFL O‘zbekiston kubogi finalining promo roligini e’lon qildi

O‘zbekiston professional futbol Ligasi ilk bor Qarshi shahri mezbonlik qiladigan O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi (“Nasaf"—OKMK) uchun ishlangan videorolikni e’lon qildi.

Ushbu videorolikda aktyorlar emas, “Nasaf” va OKMK murabbiy va futbolchilari hamda PFL rahbarining o‘zi suratga tushgan.

Video ssenariysiga ko‘ra, jamoalar O‘zbekiston Kubogini “o‘g‘irlashga” kirishadi. Bunga jamoa murabbiylari — Mirjalol Qosimov (OKMK) va Ro‘ziqul Berdiyevlar (“Nasaf”) bosh-qosh bo‘ladi. Futbolchilar (Sanjar Tursunov — OKMK, Mateus Lima — “Nasaf”) qattiq qo‘riqlanadigan binoga (qorovul — PFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev) lazerli himoyalardan o‘tib borishganda hakamlar vertolyotdan tushib kelib, kubokni “o‘g‘irlashga” yo‘l qo‘ymaydi — masalani futbolda hal qilish kerakligini aytadi.

Yuqoridagi video bir ko‘rishda juda tanishdek tuyuladi. Chunki bu videoda Nike kompaniyasining dunyo futboli yulduzlari bilan suratga olgan eski reklama roligidan ilhomlanilgan. Nike’ning The Mission deb nomlangan roligida portugaliyalik Lui Figu, o‘zgacha soch turmakli Edgar Devids, hozirgi “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola, “Roma” afsonasi Franchesko Totti kabi mashhur futbolchilar suratga tushgan. Ular qattiq qo‘riqlanadigan binodan to‘pni o‘g‘rilamoqchi bo‘lishadi. Bu videorolik PFLnikidan ko‘ra shiddatliroq, ekshnlarga boy bo‘lgan.

Ikki videoning boshlanish qismi deyarli bir xil, lekin yakun ikki xil. Shu sababli buni plagiatdan ko‘ra ilhomlanish desa to‘g‘riroq bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilgi O‘zbekiston kubogi finali 12-noyabr kuni Qarshi shahridagi Markaziy stadionda bo‘lib o‘tadi. Unda mahalliy “Nasaf” va Olmaliqning OKMK jamoalari to‘qnash keladi. Chiptalarni iticket.uz sayti orqali xarid qilish mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov