Afsonalardan yangi yulduzlargacha: Humo Fest qanday oʻtdi?

E’lon qilingan sana· 476
Afsonalardan yangi yulduzlargacha: Humo Fest qanday oʻtdi?

2023-yilning oxirgi oyi, aniqrog‘i 9-dekabr kuni O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan reperlari Humo Fest doirasida bir joyga — Humo Arenaga yig‘ildi. Tarkib haqiqatda kuchli: Asl Wayne, Abbbose, Massa, Timur Alixonov, MillyMallyMoe, Daler Ametist, Jaydario va albatta, Shaxriyor hamda Shoxrux!

Afisha.uz ijodkorlari ularning barchasi bilan konsertoldi intervyu qilganidan so‘ng, festivalning o‘zida ham qatnashib, maxsus (sifatli ovoz bilan) reportaj tayyorladi.

Konsert boshlanishiga 2 soat qolganda ishtirokchilar tayyorgarlik ko‘rib, Humo Arenaga birma-bir kelishni boshladi. Abbbosse o‘zi bilan qirg‘izistonlik mehmon musiqachilar — Yamadzhi va Feydzhini olib keldi. Ular sahnada Abbos Suleymanov bilan chiqish qilib, uning yangi albomidagi “Qadaming ahvoling” trekini ilk bor jonli tarzda taqdim etdi.

DJ King Macarella davrani milliy remikslar bilan qizdirib berganidan so‘ng festivalni Abbbosse va Yamadzhi & Feydzhi boshlab berdi. “Polniy bak” qo‘shig‘i kelganda esa butun zal jo‘r bo‘ldi.

Abbbossedan keyin sahnaga Timur Alixonov taklif etildi va u ham o‘zining xit qo‘shiqlarini kuyladi. Konstaning yo‘qligini maksimal daraja sezdirmaslikka harakat qildi (Nega Konsta yo‘q edi?).

Undan so‘ng Shokir Millymallymoe sahnani “yondirishda” davom etdi.

Navbat o‘zbek rep afsonalaridan biri — Shoxruxga keldi. Muxlislar uni juda iliq — maksimal shovqin bilan kutib oldi. Uning “Xato” trekiga navbat kelganda Shoxruxning sahnada bor-yo‘qligi ham sezilmadi — muxlislar deyarli boshdan oxirigacha o‘zlari kuyladi.

“O‘lov” atmosferaga Massa o‘zining “Dumba”, “Welcome to Dubai”, “Qattu” treklari bilan “benzin sepdi”. Konsert boshlanishidan oldin muxlislar orasida so‘rovnoma qilganimizda ko‘pchilik Massa nomini tilga oldi, aynan u uchun ushbu gala-konsertga kelganini aytdi, buni quyidagi videoreportajda ham ko‘rishingiz mumkin.

Massa o‘ziga ajratilgan vaqt tugagan bo‘lsa ham sahnani tark etgani yo‘q, chunki navbat yana bir yangi yulduz — Asl Waynega kelgandi. Massa Asl Waynening hayajoni tufayli u bilan sahnada qolishga qaror qilganini aytdi. Qolaversa, ularning bir nechta duet qo‘shiqlari ham bor edi.

Humo Arenada Asl Waynening muxlislari favqulodda ko‘p edi, ular deyarli barcha treklarga jo‘r bo‘ldi. Bu u uchun birinchi katta sahnaga chiqish bo‘ldi.

“Sahro” guruhining sobiq a’zosi Daler Ametist Jaydario bilan bir nechta qo‘shiq kuyladi. Sahnaga yana Shokir Millymallymoe ko‘tarildi, chunki 4 nafar ijodkor — Shokir, Shaxriyor, Daler Ametist va Jaydario yaqindagina “Soqqa” (Shaxriyor biz bilan intervyuda ushbu qo‘shiqni afsonaviy “Kel Money” trekining “ukasi” deb aytgandi) nomli trek e’lon qilgandi, ular sahnada shu qo‘shiqni ijro etib, barchani o‘ynashga majbur qildi.

Konsert oxirrog‘ida yana bir afsona — Sevara Nazarxon Shaxriyor va Daler Ametist bilan kuylangan “Парами” qo‘shig‘ini ijro etish uchun sahnaga chiqib keldi. “Jonli ijro qirolichasi” o‘z ishini doimgidek a’lo darajada uddaladi.

Barcha ijrochilar “rep qiroli"ni sahnada yolg‘iz qoldirdi. U “Bo‘rilar”, “Tashlandiq”, “Seni ko‘rdim” kabi treklar bilan muxlislar orasida nostalgik kayfiyat hosil qilib, barchani qo‘shilib kuylashga majbur qildi. O‘zi aytganidek, Shax qaytdi!

Quyidagi havola orqali festival haqida muxlislar va ijrochilarning fikrlarini bilishingiz hamda konsert davomidagi atmosfera sifatli ovoz bilan his qilishingiz mumkin. Yoqimli tomosha!

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin