"Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz": Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

E’lon qilingan sana· 199
"Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz": Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

Ma’lumotlarga ko‘ra, YouTube’da 800 milliondan ortiq video bor, har soatda umumiy hisobda 30 ming soatli yangi videolar yuklanadi. Platformadagi har bir video uzunligi esa o‘rtacha 11,7 daqiqani tashkil qiladi. Xullas, o‘rtacha hisobda ham YouTube’dagi barcha videoni bir inson umri davomida ko‘rib chiqolmaydi, bu uchun 10 minglab yillar kerak bo‘ladi.

Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib borishga qaror qildi.

Ko‘ngilochar kontentlar

“Kulgilektual shou”

Bu — kulgili va intellektual shou. Unda ishtirokchilar boshlovchi Nozim Safarining qiziqarli va mantiqiy savollariga to‘g‘ri yoki kulgili javob berishi kerak. O‘yin davomida faol bo‘lib eng ko‘p ball to‘plagan ishtrokchi esa pul mukofotiga ega bo‘ladi. Ko‘rsatuvning bu soni mehmonlari: rejissyor Sarvar Karimov, vayner Sardor Saidov hamda stendap komiklar Mirshakar Fayzulloyev va Rasul 24.

“SahnadaSiz”

Komik Ozod Shukurulloyev “SahnadaSiz” ko‘rsatuvini boshladi. Unda istalgan ishtirokchi sahnaga chiqib, 2 daqiqa davomida Ozod Shukurulloyevning hazillariga kulmasa, 100 ming so‘m mukofot qo‘lga kiritadi. Birinchi sonini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

“NmaGap Freestyle”

Ushbu loyiha qisqa vaqt ichida o‘z muhlislariga ega bo‘lishga ulgurdi. Freestylening oxirgi e’lon qilingan sonida reperlar Abbbose, Azamat Adiaz va Aboka (Abror G‘ulomov) hamda “NmaGap” podkast muallifi Sardor Salyamovlar ishtirok etgan.

Podkastlar

“NmaGap”

Ushbu podkast tabiiyligi, yumorga boyligi, erkinligi va mehmonlarning turfa xilligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bundan tashqari, kadrlar va ovoz sifatini ham alohida ta’kidlash kerak. Mualliflar bu hafta ekofaol bloger O‘rikguli — Mo‘tabar Xushvaqtova bilan suhbatlashdi. Tabiiyki, suhbat mavzusi aniq.

“Lolazor”

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev, iqtisodchi Otabek Bakirov, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev va dizayner Laziz Hamidovning “choyxona"siga bu safar “Lolazor” (podkast nomi ham shundan olingan) romani muallifi, yozuvchi Murod Muhammad Doʻst tashrif buyurdi. Ular Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov faoliyati, qilingan xatolar, konvertatsiyaning yopilishi, Amir Temur xiyobonidagi daraxtlar kesilishi, Rossiyaning xurujlari, adiblar hayotiga oid xotiralar va boshqa mavzular xususida suhbatlashishgan.

“Ular”

Boshqalar singari “Ular” ham podkast olyapti. Ular mavzu sifatida O‘zbekistondagi jurnalistik faoliyatni tanlashgan. Mehmon sifatdida Gazeta.uz sayti muharriri Shuhrat Latipov hamda Kun.uz sobiq muharriri Ilyos Safarov tashruf buyugan. Ular O‘zbekistonda jurnalist bo‘lish, soha istiqbollari va ekologiya muammolari haqida gaplashgan.

Konsertlar

O‘tgan hafta davomida o‘zbekcha konsertlar e’lon qilingani yo‘q, ammo bu loyihaning birinchi soni bo‘lgani va undan oldinroq chiqarilgan konsertlar ham ko‘rilmagani ehtimoli sababli ba’zi turli tematikadagi dasturlarni ham qo‘shishga qaror qildik.

Mirshakar Fayzulloyevning “Shakkar yil yakuni” stendap konserti

Tajribali stendap komik Mirshakar Fayzulloyev 2023-yil yakunlari bo‘yicha tayyorlangan hazillardan iborat konsert dasturini e’lon qildi. “Shakkar yil yakuni” — “Malades” konserti e’lon qilinishidan oldingi kichik bir desert.

Abubakr Fozilovning “Start” konsert dasturi

Yosh va umidli stendap komik Abubakr Fozilov o‘zining ilk yakkaxon konsertini e’lon qildi. Fozilov o‘z uslubiga ega. Shu sababli bu komikning ilk konserti tavsiyalar qatoridan tushib qolmasligi kerak.

Sevara Nazarxonning “Sevgi” nomli jonli konserti

Sevara Nazarxon haqida ko‘p ta’rif berib o‘tirish shart emas (aslida bu ijodkor uchun alohida katta maqola yozish kerak — tez orada bu ishni ham qilamiz). To‘liq jonli ijroda konsert berish, qo‘shiqlar matnini ajoyib tanlagan holda uni qoyilmaqom ijro etish ko‘pchilik san’atkorlarning ham qo‘lidan kelavermaydi. Nazarxon esa buni uddalaydi.

“Bir kam dunyo” qo‘shig‘ida “…gohida g‘am, goh quvonch.” deganidek, konsert ham drayv, raqsbop qo‘shiqlar, o‘yga toldiradigan matnlaru, odamning yig‘isini keltiradigan jihatlarga to‘la. Bu — boshqa daraja. Bu — muhabbat. Bu — Sevara. Xullas, bu Sevarasevarlar uchun yilning eng yaxshi konserti, bu anchaga ularning quloqlaridan tushmasligi aniq. Aytgancha, bu maqola ham ushbu konsert sadolari ostida yozilmoqda. “Yur, muhabbat, kettik bu yerda-a-an…”

Kliplar

Jahogir Otajonov & Bunyod Sharipov — Davraga tush

Jahongir Otajonov noodatiy stillda, ya’ni doimgidek. Qo‘shiqchining pushti rangli kiyimlarni Afisha.uz alohida qayd etib o‘tadi. Davraga tush, na-na-na-na!

Bojalar — Jadidlarim

Jadidlar mavzusi aktual bo‘lib turgan bir paytda Jahongir Foziljonov ular haqida qo‘shiq kuyladi va klip suratga oldi.

VIA Marokand — Ey pari

“Via Marokand” guruhi hali ham bor, ammo undagi bir ijodkor o‘zgargan. Agar hali ham xabaringiz bo‘lmasa, klipni ko‘rishingiz bilan guruhdan kim ketganini anglaysiz.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ