“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

E’lon qilingan sana· 270
 “Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib boradi.

Ko‘ngilochar kontent

“Kulgilektual shou”

Bu — O‘zbekistondagi ilk kulgili va intellektual shou. Unda ishtirokchilar boshlovchi Nozim Safarining qiziqarli va mantiqiy savollariga to‘g‘ri yoki kulgili javob berishi kerak. Toʻgʻri javob uchun 2 ball kulgili javob uchun 1 ball beriladi. O‘yin davomida faol bo‘lib eng ko‘p ball to‘plagan ishtrokchi esa pul mukofotiga ega bo‘ladi.

Ko‘rsatuvning bu safargi soni mehmonlari: sobiq deputat Rasul Kusherbayev, bloger Kunduziy, komiklar Rasul 24 va Islom Karimov.

“Oltin G‘ildirak”

“Oltin G‘ildirak” — “Sahna” stendap klubidagi ilk loyihalardan biri. Unda 2 nafar ishtirokchi o‘z “ixtirolarini” himoya qiladi. Hakamlar esa kim kuchliroq himoya qilganiga qarab, g‘olibni aniqlashadi. Ko‘rsatuvda stendap komiklar Mirshakar Fayzulloyev, Islom Karimov, Ozod Shukurulloyev va Nozim Safarilar ishtirok etishgan.

“Nma Gap Game”

“Nma Gap” podkast mualliflari o‘zlarini yangi yo‘nalishlarda ham sinab ko‘ryapti. Bu safar ular GTA RP kompyuter o‘yinini o‘ynab ko‘rishgan va video davomida qiziq suhbat va sharhlar ketadi.

“Shunchaki Stand-up”

“Sahna” stendap klubida yana yangi loyiha boshlandi. Uning birinchi sonida yosh va umidli komiklar o‘zining yangi hazillari bilan chiqish qilgan. Albatta, videodagi ba’zi yuzlarni allaqachon tanishingiz ham mumkin.

Podkastlar

“Nma Gap” — Bahodir Jalolov

“Nma Gap"chilar bu hafta nafaqat yuqoridagi o‘yin, balki “sabzito‘g‘rar” va podkast ham chiqarishga ulgurdi. Podkastning bu safargi mehmoni — bokschi Bahodir Jalolov.

“Lolazor”

“Choyxona” formatdagi ushbu suhbatda bu safar siyosat muhokama qilingan (choyxonada yana nima bo‘lishi mumkin?). 1999-yil 16-fevraldagi Toshkentda bo‘lgan portlashlar, uning O‘zbekiston taqdiri uchun salbiy oqibatlari, Aleksey Navalniyning o‘limi, Sherzodxon Qudratxo‘ja va Rossiya bilan bog‘liq vaziyat, Parlament saylovlari hamda o‘ng yoki so‘l partiyalarning farqlari kabi mavzularda suhbat borgan. Mehmon — siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

“Qurultoy”

Oʻzbekiston tarixining eng yirik arboblaridan biri, eng mashhur tarixiy shaxslardan biri Amir Temur haqida koʻp va xoʻb gapirilgani bois uning faoliyatiga qaysi tomondan yondashishni bilmaymiz. Yurishlari, bunyodkorlik ishlari juda yaxshi yoritilgan. Ammo Qurultoy Temur faoliyatining boshqa jihatlarini muhokamaga olib chiqishga qaror qilgan. Mehmon — tarixchi olim, OʻzR FA Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodimi Sanjar Gʻulomov. U kishi Amir Temurning diplomatik faoliyati boʻyicha tadqiqotlar olib borgan.

Alohida qat’iy tavsiyalar

“Urikguli” bilan ekologiya mavzusida suhbat

Ijtimoiy tarmoqlarda Urikguli nikneymi bilan mashhur boʻlgan Moʻtabar Xushvaqtova hozirda ijtimoiy mavzularda ijod qilayotgan eng faol blogerlardan biri. Ekologiya mavzusida media olamida shaxsiy brendga ham aylanib ulgurgan.

Biz Afisha.uz'da Moʻtabar bilan ekofaollik va undagi radikalizm, Chirchiq daryosidagi holat, chiqindilarni saralash, Ekologiya vazirligi bilan munosabatlari, milliy havo sifati standartlari nima uchun foyda bermasligi va boshqa bir qancha mavzularda suhbat qurdik.

O‘zbekistonning birinchi rahbarlarini suratga olgan fotograf — Shonazar Ibrohimov bilan suhbat

Shonazar Ibrohimov 1947-yilda Xorazamning Yangiariq tumanida tug‘ilgan. U 1970−2006-yillarda O‘zA agentligi, “Toshkent binokori”, “Xalq so‘zi” gazetalarida fotojurnalist sifatida ishlagan. Shonazar Ibrohimov faoliyati davomida nafaqat O‘zbekiston hayotining turli jabhalarini kadrlarga muhrlagan, balki Sharof Rashidov, Inomjon Usmonxo‘jayev, Rafiq Nishonov, Islom Karimov kabi O‘zbekistonning birinchi rahbarlari yonida yurib, ularning ish jarayonini ham suratga olgan.

“Gazeta.uz” muxbiri 77 yoshli faxriy fotojurnalist Shonazar Ibrohimov xonadonida bo‘lib, u bilan suhbatlashdi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ