"Baxtlilar bilan suhbatlashing": Ilon Maskning onasi Toshkentga tashrif buyurdi (foto)

E’lon qilingan sana· 6 930
"Baxtlilar bilan suhbatlashing": Ilon Maskning onasi Toshkentga tashrif buyurdi (foto)

27-fevral kuni Oʻzbekistonga amerikalik investor, muhandis va ixtirochi Ilon Maskning onasi — Mey Mask tashrif buyurdi. Tasavvur qilyapsizmi, sayyoraning hozirda eng mashhur odamlaridan biri, SpaceX и Tesla asoschisining volidasi Toshkentda edi!

Mey Mask 1948-yil 19-aprelda tug‘ilgan — model va diyetolog. 50 yil davomida model boʻlib ishlagan, “Time” jurnalining sogʻliqni saqlash nashri, “Ayollar kuni”, “Vogue” xalqaro nashrlari va “Sports Illustrated Swimsuit Issue” kabi jurnallarning muqovalarida uzoq paytgacha yulduz boʻlgan. Ilon Mask, Kimbal Mask va Toska Maskning onasi. Kanada, Janubiy Afrika va Amerika fuqaroligiga ega.

2019-yilda u “Rejali ayol. Baxtli hayot qoidalari” nomli kitobini nashr etadi.

Ushbu kitob dunyoning koʻpgina tillariga tarjima qilingan. Mazkur roʻyxatga oʻzbek tili ham kirdi. Kitob “Asaxiy Books” loyihasi tomonidan tarjima qilinib, sotuvga chiqarildi. Kamina ham Mey Mask bilan uchrashuvdan oldin uni xarid qildi (dastxatdan quruq qolib ketish juda katta xatolik boʻlardi).

CAEx Uzbekistan koʻrgazmalar markazida aynan shu kitob nomi bilan atalgan “Woman who has a plan” nomli tadbirga koʻpgina talabalar, blogerlar, media olamidagi taniqli shaxslar tashrif buyurdi. Kiraverishda tashrif buyuruvchilarni qiziq yoʻlak, yoqimli klassik musiqa kutardi.

Jurnalistlar uchun maxsus Mey Mask bilan birga kichik konferensiya ham oʻtkazildi. Unda Afisha.uz jurnalistlari ham Meyning oʻziga savol berishga muvaffaq boʻlishdi.

— Mey xonim, sizni koʻrib turganimizdan juda xursandmiz. Oʻzbekiston haqida eng asosiy taassurotlaringiz qanday? Ya’ni yaqinlaringiz, farzandlaringizga Oʻzbekiston haqida nimalarni gapirib berasiz?

— Mening doʻstlarim, farzandlarim Oʻzbekiston haqida juda yaxshi bilishadi.

“Kecha muzeyga borgan edik, ajoyib san’at asarlarini koʻrdik”.

Fotosuratlar Mey Mask Instagram sahifasidan olindi.

“Bir dunyo fotosuratlar tushirdik. Oʻzbek xalqi haqida gapirsam, odamlar juda aqlli, mehmondoʻst, juda chiroyli kiyinadi (kuladi). Shunday taassurotlar bilan boʻlishsam kerak”, — deya gapirib berdi Mey.

— “Rejali ayol” sifatida aytingchi, Oʻzbekistondagi hamma rejalaringiz amalga oshyaptimi?

— (Kuladi). Ha, men rejali ayolman, lekin bu faqat ayollarga nisbatan qoʻllaniladigan ibora deb qabul qilish kerakmas, albatta. Janubiy Afrikada “Fermerlar rejalashtiradi” degan bir ibora mashhur. Muammoni yechish kerak boʻlganida, u jiddiy yoki kichik boʻlishiga qaramay , doimo bu iborani qoʻllardik. Qanday toʻsiq boʻlishidan qat’i nazar, siz u bilan toʻqnashishingiz va vaziyatdan chiqishingiz kerak (kitobda ham ushbu parcha bor). Shunga bu yerdagi rejalarim ham asta-sekin amalga oshyapti deya olaman.

Konferensiya juda samimiy ruhda oʻtdi. Mey Toshkentdan tashqari yana Buxoro va Samarqandga ham borishni juda xohlashini ta’kidlab oʻtdi. Mevalarimizni alohida maqtadi (Mey Mask vegeterian va sogʻlom turmush tarzi tarafdori, shu sababli Oʻzbekiston mevalari unga oʻzgacha yoqishi tabiiy hol edi).

Undan soʻng katta zalda Mey Mask ma’ruzasi uchun tashrif buyuruvchilar yigʻilayotgan edi. Uning chiqishidan avval Oʻzbekistonda turli yoʻnalishlarda oʻz oʻrinlarini topgan 4 nafar spikerlar: xonanda Sevara Nazarxon, marketolog Alima Oybekovna, futbolchi Odil Ahmedov va rassom Dilorom Mamedovalar oʻz hayot hikoyalari bilan boʻlishdilar.

Nutq soʻzlaganlaridan keyin Sevara Nazarxon musiqiy dasturini ham davom ettirdi. U mashhur “Koʻrgim kelar”, “Oʻrik gullaganda”, “Vatanim” treklarini kuyladi.

Vanihoyat, uzoq kutilgan daqiqalar kelib, sahnaga Mey Mask chiqdi. Bilasizmi, ba’zilardan: “Bunday ma’ruzalardan nima foyda, baribir oʻsha kitobida yozgan narsalarni gapiradi-ku”, degan gaplarni eshitishingiz mumkin. Ha, balki shunday hamdir.

Lekin bunday insonlarning energetikasini his qilish — mutlaqo boshqa taassurotlarni beradi. Misol uchun, Mey yoshligidan buyon model boʻlib ishlab kelgan. U hozir 75 yoshda va haligacha qaddini tik tutib, modellar singari qadamlar tashlaydi. Shuni oʻziga ham havasingiz keladi.

Bundan tashqari, Mey oʻta hazilkash. U yordamchilari bilan ham juda hazilomus tarzda dialoglarni olib borishiga e’tibor berdik. Bu ham sizni ushbu insonni jonli koʻrishdan xursand boʻlishingizga undaydi. Ham tan olaylik, Ilon Maskning onasi, Toshkentda…Tarixiy voqea, aslida.

Ma’ruzada Mey Mask kitobi oʻzbek tiliga tarjima qilingani, kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingani haqida alohida ta’kidlab oʻtdi.

“Bunday goʻzal mamlakatda, goʻzal insonlarni koʻrib, mening kitobim ular tomonidan olqishlanganini eshitib, yanada baxtliman”, — deydi u.

Mey Mask oʻz nutqida hozirgacha bosib oʻtgan hayot bosqichlari, farzandlari, nabiralari, ayol va ish masalasi, harakatdan toʻxtamaslik, toʻgʻri ovqatlanish, nima uchun baxtli insonlar bilan suhbatlashish kerakligi haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Ma’ruza va umuman tadbirda ilgari surilgan fikrlar va maslahatlar “Rejali ayol” kitobida ham oʻrin olgan. Shu sababli undan mazkur parchani keltirishni lozim topdim.

“Men koʻp marta hayotni yangidan boshlaganman, uchta mamlakat toʻqqizta shaharda yashaganman. Oʻzimdek har safar noldan boshlashni maslahat bermayman, lekin boshqa iloji boʻlmasa, yangidan rejalashtiring va ishga kirishing. Imkoniyatlardan foydalaning, hayotingiz yanada baxtli hamda qiziqarli boʻladi.

Hayot kutilmagan hodisalarga boy. Oʻzingizga, oilangiz va doʻstlaringizga gʻamxoʻrlik qilish, tashqi koʻrinishingizu, sogʻligʻingizga qarash, muvaffaqiyatli karyera qilish va qiziqarli yashash — bir vaqtning oʻzida barchasini uddalash qiyin. Ammo bosqichma-bosqich oldinga yursangiz, muvaffaqiyatga erishasiz.

Tushkunlikka tushganimda sevgi hikoyalari va amaliy psixologiya boʻyicha kitoblarni berilib oʻqirdim. Ular menga umid berardi. Ehtimol, tajribam sizga ham umid bagʻishlar.

Shu yoshga yetish ajoyib. Yetmish besh yil yashadim, ikkita kasbda muvaffaqiyatga erishdim va uch farzandni voyaga yetkazdim. Oʻn bir nevaram bor. Sogʻlom turmush tarzi boʻyicha mutaxassis va model sifatida har doimgidan ham talabgirman. Hattoki menga kitob yozishni taklif qilishdi! Shunday ekan, yetmish besh yoshda boʻlish zoʻr! Har kuni ertalab quvonch bilan uygʻonaman. Koʻtarinkilik, aniq reja va qat’iyat bilan omadingizni sinasangiz, Marsga ham borishingiz mumkin!"

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ