“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

E’lon qilingan sana· 359
“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib boradi.

O‘zimizning mahsulot

“74 yoshli G‘ulomjon Yoqubov konsertidan reportaj — 2024”

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov 1−2-mart kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Har yili tug‘ilgan kunida konsert namoyish qilishga odatlangan ustoz san’atkor 2024-yilda ham o‘z an’anasini davom ettirdi. Afisha.uz muxbirlari konsertdan reportaj tayyorladi.

“Aziz va muqaddassan, ayol” konsertidan reportaj — 2024

3−5-mart kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Aziz va muqaddassan, ayol” konsert dasturi bo‘lib o‘tmoqda. 25 yildan beri har yili 8-mart bayrami arafasida o‘tkaziladigan mazkur gala-konsertdan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Ko‘ngilochar kontentlar

“Islom Karimov Stand-up konsert „Men Qaytdim“. 2023”

Stendap komik Islom Karimov o‘zining yangi va ilk katta konsert dasturini YouTube’da e’lon qildi. U “Men qaytdim” deb nomlangan. Ko‘ring, qiziq bo‘lishi aniq.

“Kulgilektual shou #22 Muhammadiso Abdulxairov, Elmurod Haqnazarov, Teacher A’zam, Ozod Shukrulloyev”

Ushbu shouda ishtirokchilar boshlovchi Nozim Safarining qiziqarli va mantiqiy savollariga to‘g‘ri yoki kulgili javob berishi kerak. Toʻgʻri javob uchun 2 ball kulgili javob uchun 1 ball beriladi. O‘yin davomida faol bo‘lib eng ko‘p ball to‘plagan ishtrokchi esa pul mukofotiga ega bo‘ladi.

Ko‘rsatuvning bu safargi soni mehmonlari: aktyor Muhammadiso Abdulxairov, qiziqchi Elmurod Haqnazarov, o‘qituvchi-bloger Teacher A’zam va vayner, stendap komik Ozod Shukrulloyev.

“Bir kun Konsta bilan” — Kh Sayfulla

Bloger Sayfulla reper Konsta bilan bir kun o‘tkazdi. Unda Konstaning kundalik hayotida qiladigan ishlari, qayerlarda ovqatlanishi, umuman, kuni qanday o‘tishi ko‘rsatilgan.

Podkastlar

“Hech kimga aqllilik qilmoqchimasman!” — Alisher Uzoqov | NmaGap"

O‘zbekistondagi eng yaxshi va samimiy podkastlaridan biri — NmaGap’da O‘zbekistondagi eng yaxshi va samimiy aktyorlardan biri — Alisher Uzoqov mehmon bo‘ldi. Mualliflar Uzoqov bilan 1 yarim soatdan ortiqroq vaqt turli mavzularda suhbatlashishgan: Uzoqov hozir nima bilan band ekaniyu, hozirgi o‘zbek kinosi haqida.

“Davron Ahmedov — Kuper va futbolchilar oʻrtasida Falastindagi oʻyindan oldin sovuqlik his qilganman” | “Markaziy sektor”

“Markaziy Sektor” podkasti mualliflari — sharhlovchi Orif Tolipov, bloger Farrux Xudoyorov bu safar Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi tarjimoni Davron Ahmedovni o‘z loyihalariga chaqirdi.

Ular Davron Ahmedov bilan tarjimonlikka qanday kelib qolgani, Kuper bilan munosabatlari, Kataloniyadagi oʻqishini tashlab kelgani, Osiyo kubogi-2023 musobaqasida jamoa ichkarisida qanday muhit boʻlgani, Katanes matboutni oʻqimasligi va Falastin bilan oʻyindan oldin Kuper va futbolchilar oʻrtasidagi munosabatlar qanday boʻlgani va albatta, Eronga qarshi bahsda qizil kartochka olgani haqida suhbatlashgan.

“Mirgrantlar dardini kim eshitadi?” — “Lolazor podcast”

“Lolazorchilar” ushbu sonda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari duch keladigan muammolar, Rossiyadagi o‘zbek mahbuslarini Vatanga olib kelish, Turkiya va Qozog‘istondagi migratsiya holati, Ukraina hududlarida ishlayotgan o‘zbeklar, aqlli kadrlarning xorijga ketib qolishi, benzin narxi va boshqa shu kabi mavzularda suhbatlashgan.

“Ayollar tarixi, ayollarning tarixdagi oʻrni” — “Qurultoy”

Tarixchilikda bir muammo bor. Tarix koʻproq erkaklar tomonidan yozilgan. Yaʼni tarixni ayollar koʻzi bilan koʻramiz. Ayollar nega tarixni yozmagan? Yoki yozganmi? Tarixni ayollar nigohi bilan koʻrsak, u boshqacharoq boʻlarmidi? Bu kabi savollar bilan “Qurultoy” mualliflari tarixchi olima, tarix fanlari nomzodi Iroda Shamsiyevaga murojaat qilgan.

Boshqa tavsiyalar

“Bu nima o‘zi? Kimga kerak? Arziydimi? — Apple Vision Pro” — “Pakapak”

“Pakapak” texnoblogi ijodkorlari oxirgi oylarda hayp bo‘lgan, tom ma’noda “kelajak” sifatida ko‘rilgan Apple Vision Pro texnologiyasi haqida batafsil gapirib beradi.

“Pullaringiz xavf ostida! | Ehtiyot boʻling — firibgarlar” — Timur Alixonov

“Xalqimiz ishonuvchan va juda sodda! Hozirgi sun’iy intellekt rivojlangan davrda — siz oʻzingiz bilmagan holda firibgarlar qoʻliga tushib qolishingiz mumkin. Oson va tez boyib ketish maqsadida, siz boringizdan ham ayrilib qolishingiz mumkin. Ehtiyot boʻling, oʻzingizni aldashga yoʻl qoʻymang”, deb yozadi Alixonov video izohida va firibgarlar haqida batafsil gapirib beradi. Ushbu videoning davomi ham bor. Ikkinchi qismini ham jamlanmaning keyingi sonlariga albatta qo‘shamiz.

Konsta — Dada (qo‘shiq)

Reper Konsta yangi trek e’lon qildi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ