Hafta artisti: Ozoda Nursaidova

E’lon qilingan sana· 7 654
Hafta artisti: Ozoda Nursaidova

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Ozoda Nursaidova.

Ozoda Nursaidova haqida

Ozoda Nursaidova 1974-yil 9-oktabrda Toshkent viloyatining Nurafshon (bu shahar 2017-yilgacha, xususan, qo‘shiqchi tug‘ilganda Toʻytepa deb nomlangan) shahrida tug‘ilgan. Xonandaning otasi Parpi Nursaidov podpolkovnik bo‘lib, uzoq yillar ichki ishlar sohasida faoliyat yuritgan. Onasi esa avtobazada dispecher bo‘lib ishlagan.

Nursaidovlar oilasida san’atkor bo‘lmagan, ammo Ozoda Nursaidova yoshligidan san’atga qiziqqan. U maqom xonandasi bo‘lishni orzu qilgani, 4 yil davomida mumtoz qo‘shiqlarni o‘rganib, ijro etgani, ammo yakunda o‘zi ham nimalarnidir yaratgisi kelgani tufayli estradaga o‘tib ketganini aytadi. Nursaidova 1999-yilda Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlagan.

Ozoda Nursaidova oliygohni tamomlagandan so‘ng katta san’atga kirib keladi. Shundan so‘ng “Ketma”, “Asrasin”, “Endi men ketaman” kabi qo‘shiqlari ortidan juda katta tezlik bilan mashhurlikka erishgan. Ammo u ijodining avj pallasida “zapret"ga tushadi.

Ozoda Nursaidova va “zapret"lar

Xonanda 13 yilini taqiq ostida o‘tkazgan. Xonanda birinchi marta 2003-yilda taqiqqa tushganini aytadi. O‘shanda u Surxondaryo gastroliga borib, tashkilotchilarning “o‘yini"ga tushib qolgani haqida so‘zlab bergan.

Nursaidovaning aytishicha, administratorlar Sho‘rchida ham konsert berishni, buning evaziga ikki hissa pul berishlarini aytgan. Rozi bo‘lgach, hamma narsa tashkillashtirilgan, lekin xonandani konsertga olib ketishga hech kim kelmagan, Ozoda chiqishini kutgan muhlislar stadionda katta janjal qilgan.

“Konsert tashkilotchilari o‘sha yerda o‘tirgan odamlarga provokatsiya qilgan. Ularga Ozoda kelib, shu yerda katta janjal bo‘ldi, degan gap kerak bo‘lgan. Chiptalar sotilgan, odamlar o‘tiribdi. Meni olib ketishga hech kim kelmayapti. Stadionda katta janjal bo‘lgan. Stadion yer bilan bir tekis bo‘lgan. Shu janjal kimgadir kerak bo‘lgan. Amallab Surxondaryodan Toshkentga kelib oldim. Yo‘llarda ham aytishgan Ozodani ushlanglar, deb. Xullas, buyoqqa kelganimdan keyin birinchi ‘zapret'ni oldim. Ozoda Surxondaryoda hunar ko‘rsatdi, odamlar janjal qilgan, deyishdi. Shu tarzda 2003-yilda birinchi marta ‘zapret'ga tushdim. 2004-yilda ‘zapret'dan chiqdim. Keyin 2006-yilda yana ‘zapret' qilishdi”, — deb eslaydi Ozoda Nursaidova 2021-yili “Milliy” telekanalining “Inson qadri” ko‘rsatuviga bergan intervyusida.

Xonanda ikkinchi taqiqning sababini tushunmagan, hech kim sababini tushuntirmagan ham. 2016-yilda O‘zbekistonda yangi davr boshlangandan so‘ng Ozoda Nursaidova uchun ham yangicha davr boshlandi, u “zapret"dan chiqdi va ijodida ham o‘zgarish qildi.

“Ketma"dan “Ko‘k jiguli"gacha (Nursaidova evolyutsiyasi haqida bir og‘iz)

Ijodining boshida o‘zbek estradasi uchun yangilik qila olgan Ozoda yillar davomida o‘zgarib bordi, uni “zapret"lar ham o‘zgartirdi. Ko‘pchilik ijodkorlar dastlab “yengil” ashula kuylab, keyin “og‘irlashib” borsa, Ozoda Nursaidovada buning teskarisi kuzatilmoqda. Ijodining boshida asosan mumtozga yaqin, vazmin va og‘ir musiqalar kuylagan xonanda hozir aksariyati qo‘shiqlarini to‘ybop, “ortiqcha siqilishlarsiz”, trendlarga mos qilib kuylamoqda. Balki bu bugungi shou biznes talabidir, lekin Ozoda Nursaidova deganda xayolida jiddiy qo‘shiqlari bilan gavdalanadigan ba’zi muxlislar ijodkorning “Ko‘k jiguli"sini tanqid qilmoqda.

Bunga Nursaidovaning portfoliosidagi “og‘ir” qo‘shiqlar sabab, nazarimda. “Zapret"dan keyin “Ko‘k jiguli"dan oldin ham shunga o‘xshash musiqalar yetarlicha chiqqan, lekin ular unchalik mashhur bo‘lmagan. Masalan, “Jichcha yomonman”, bloger Ozod Hurramov bilan kuylagan “Million” va “Raftem”, umuman, shunga o‘xshash qo‘shiqlar “eski Ozoda"ning ijodiga yaqinlasholmaydi. Nazarimda, aytaylik, “Ko‘k jiguli” uslubi va klipi o‘zbek shou biznesidagi ayni vaqtdagi asosiy xitmeyker — Hamdam Sobirovnikiga o‘xshagan bo‘lishi mumkin va agar bu qo‘shiqni Sobirovning o‘zi kuylaganda bunchalik muhokama bo‘lmasdi, balki.

Buning yomon tomoni yo‘q. “Yengil” qo‘shiqlar uchun ijodkorni tanqid qilmaslik kerak. Ba’zida qo‘shiqlar shunchaki kayfiyat uchun yoziladi, ba‘zi ijodkorlar esa haqiqatda to‘ybop ashulalar qilib, to‘ylarga chiqqisi keladi, buning ham yomon tomoni yo‘q. Va albatta, hamma ashula ham “ma'noli” bo‘lishga majbur emas. Hamma musiqa va kinodan ma’no qidiravermaslik kerak, ba’zida ular shunchaki ijodkor kayfiyatining aksi bo‘lishi mumkin, menimcha.

Ma’lumot uchun, “Koʻk jiguli” klipi You Tube’da eng koʻp koʻrilgan musiqiy videolar orasida hali ham ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Klip yuklanganiga bir oy boʻldi va shu vaqtgacha 110 milliondan ortiq koʻrildi.

“Ketma”

Albatta, Ozoda Nursaidovaning ijodini faqat “Ko‘k jiguli"ga bog‘lash katta xato bo‘ladi, uning ajoyib qo‘shiqlarini unutmaslik kerak. 2000-yilda kuylangan “Ketma” qo‘shig‘i ham o‘sha paytlarda xit bo‘lgan.

“Yor-yor”

“Asrasin”

“Sen bo‘lmasang boshqasi”

Aytgancha, Nursaidova bu qo‘shiqni yozishda Neşe Karaböcek ismli turk qo‘shiqchisining “Artık Sevmeyeceğim” qo‘shig‘idan ilhomlangan. Yaqinda “Zo‘rTv” telekanalida o‘tkazilgan “Artist” loyihasida Sherzod Shorahmedov xuddi shu qo‘shiqni kaver qilib, Ozoda Nursaidovaning so‘zlarini, ya’ni o‘zbekcha aralashtirib, xonandaning qarshisida kuylagan, oxirida esa uning o‘zi ham qo‘shilgan.

“Unut”

“Karvon”

Sherali Jo‘rayevning “Karvon” qo‘shig‘ini yaxshi bilsangiz kerak, Ozoda Nursaidova bu qo‘shiqni “tuyaning ustida yig‘lab turgan qiz” nomidan kuylagan.

“Go‘zal kechalarda”

“Ishq sharobi”

“Zolim yillar”

“Ehtiyojim bor”

“Xolos”

“Hammer”

“Andijonlik bezori”

Aytgancha, Ramazon muborak, do‘stlar!

Konsertlar

“Orzularim” (2004)

“Bu kuylar kechagimas” (2006)

2021-yilgi konsert dasturi

2022-yilgi konsert dasturi

2023-yilgi konsert dasturi

Afisha.uz yuqoridagi konsertdan maxsus reportaj ham tayyorlagandi. Video davomida eksklyuziv intervyu ham bor.

Eslatib o‘tamiz, Ozoda Nursaidovaning 2024-yilgi konsert dasturi 7−14-may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san‘at saroyida bo‘lib o‘tadi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ