Kambek: Xonanda Lola 5 yillik tanaffusdan soʻng ijodga qaytdi

E’lon qilingan sana· 393
Kambek: Xonanda Lola 5 yillik tanaffusdan soʻng ijodga qaytdi

17-aprel kuni poytaxtdagi Tashkent City Mall majmuasida joylashgan “Cinematica” kinoteatrida xonanda Lola Yuldashevaning yangi talqindagi afsonaviy “Sogʻinch” qoʻshigʻi va unga ishlangan videoklip taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Lolaning “Sogʻinch” qoʻshigʻi va klipi 2005-yilda chiqqan. Bekatlar, avtobusdagi sayr — 19 yil oldingi vaybni beradi. Taqdimotga kelgan taniqli yulduzlar ham shunga alohida urgʻu berishdi.

Afisha.uz muxarriri klip namoyish etilishidan avval, kelgan mehmonlarga Lolaning ijodi haqida savollar bilan yuzlandi.

“Bolaligimdan shunday san’atga shoʻngʻigan atmosferada katta boʻlganman. Yashirmayman, bolaligimdan opamga oʻxshashga harakat qilardim. Esimda, 6 yosh boʻlgan paytimda Lola „Men bilan faxrlasanmi?“ deya savol bergan. Hozir esa qanchalik faxrlanishimni tasavvur ham qilolmaysiz!”, — deydi xonandaning singlisi Asal Yuldasheva.

“Lolani „Şiribom“ reklamasi orqali birinchi marta taniganman va koʻrganman. Bolalikdan ashaddiy muxlisiman, barcha qoʻshiqlarini yoddan bilaman, haligacha eshitib yuraman. Hozir shu „Sogʻinch“ klipi 19 yil oldin chiqqanini eshitib, toʻgʻrisi shokdaman. Vaqt juda tez oʻtmoqda”, — deydi bloger va inflyuyenser Ganya Usmonova.

Bloger va jurnalist Nikita Makarenko Lolani — Oʻzbekiston sahnasidagi asosiy qahramon (diva) deb atadi.

“Bu ibora dunyo miqyosida Shakira, Madonna singari xonandalarga nisbatan qoʻllaniladi. Bu esa oʻz navbatida muvaffaqiyat orqasida faqat xit qoʻshiqlar emas, balki ulkan qalbli, olijanob, keng dunyoqarashga ega inson ham turganini bildiradi. Men shaxsan Lolani 3−4 yil oldin oʻzim uchun kashf etganman, keyin uni „Uzbekistan's Club“ loyihamizga qoʻshilishini taklif etganmiz. U bilan aynan yaqindan tanishgandim keyin, bu qanchalik oʻzgacha san’atkor ekanligi va u bilan faxrlanishimiz kerakligini tushunganman. Metroda raqsga tushib, keyin bizning senzuramizni tanqid qilgan „Sevgingi menga ayt“ klipi va qoʻshigʻini juda yoqtiraman. Bu ajoyib prodakshn!”, — deydi u.

“Lola — mamlakat koloriti bilan uygʻunlashgan holda yangi, qiziqarli va noodatiy ijod mahsullarini taqdim etib kelayotgan kamsonli oʻzbek xonandalaridan biri. Dadam (Oʻzbekiston xalq artisti, Milliy simfonik orkestr rahbari Ismoil Jalilov), Oʻzbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva va Lola ijrosidagi „Qizginam“ qoʻshigʻi va klipini juda yoqtiraman”, — deydi xonanda va bloger Oskar Jalilov.

Aktyor va rejissyor Alisher Uzoqov ham Lola ijodiga toʻxtalib oʻtdi.

“Kuni kecha Lolaning „Million“ jamoasi konsertidagi chiqishidagi qoʻshiqlaridan boshqacha his-tuygʻu oldim, bu esa Lolaning ijodiga befarq emas ekanman. Men bu narsaga yana bir bor amin boʻldim. Xalq uchun chiqqan har bir qoʻshigʻi oʻziga yarasha oʻrni bor, oʻzini imidji, yoʻli bor. Unga ijodkor sifatida ham, ijodkor sifatida ham unga yaxshi baho bergan boʻlardim. Oʻzim shaxsan „Qachon“ va „Opajonim“ treklarini haligacha mazza qilib eshitaman”, — deydi Alisher Uzoqov.

“Benom” guruhi solistlari Sarvar va Komil Lola ularning ijodida eng muhim rol oʻynagan insonlardan biri ekanligini ta’kidladi.

“„Benom“ guruhining ilk marta sahnada koʻrinish bergan kuni Lolaning „Xalqlar doʻstligi“ san’at saroyidagi konsertida sodir boʻlgan. Shuning uchun bu san’atkorning ijodiga befarq emasmiz. Qolaversa ularning otalari (Ravshanbek Yuldashev) bizning bosh prodyuserimiz boʻlgan, 15 yildan buyon „Tarona Records“ nomli bir oilada oʻsganmiz”, — deydi guruh a’zolari.

“Sogʻinch” qoʻshigʻining yangi talqini ham aynan “Benom” guruhi bilan birgalikdagi hamkorlik asosida yaratildi.

“Qisqa tanaffusdan soʻng Lola ijodga qaytaman deganidan soʻng, biz endi aynan musiqiy prodsyusser sifatida bir shunday fikr bergandik, keling mana shu „Sogʻinch“ taronasini hozirgi kunda yangi qoʻshilgan muhlislarga havola etsak, unga „yangi hayot“ bersak degan taklif berdik, Lolaga bu juda yoqdi”, — deya qoʻshim qildi Sarvar va Komil.

Klipda Lolaning 20 yillik ijodiga nazar tashlangan, “Sevinch” filmidan sahnalar, “Jonim sogʻindim”, “Koʻz yoshim” kliplariga “otsilka"lar berilgan.

“Men ushbu lahzalarni uzoq kutdim. Sahnani juda sogʻinganman. Odamlarni ilhomlantiruvchi yana yangi ijod mahsullarini taqdim etishdan baxtiyorman”, — deydi Lola.

Taqdimot kechasida Lola sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan oʻzining katta yakkaxon konsertini ham e’lon qildi.

“Konsertda barchani jonli ijro, kutilmagan shou, uzoq yillar davomida e’lon qilingan qoʻshiqlar boʻladi. 2004-yilda “Xalqlar doʻstligi"da mening ilk yakkaxon konsertim boʻlib oʻtgan. 2024-yilda esa roppa rossa 20 yil toʻladi”, — deydi Lola.

Shuningdek yangi va kutilmagan duetlar ham boʻlishi kutilmoqda.

Yanada batafsil ma’lumotlar — bizning YouTube kanalimizda:

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ