Hafta artisti: Selena Gomes

E’lon qilingan sana· 2 351
Hafta artisti: Selena Gomes

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — latofatli Selena Gomes.

Selena Gomes haqida

Selena Mari Gomes 1992-yilning 22-iyulida AQShning Texas shtatida tugʻilgan. U tugʻilganda onasi endigina 16 yoshda boʻlgan. Gomesning ota-onasi AQShlik boshqa yana bir san’atkor — Selena Kintaniliya Peres ga havas qilib, qiziga shu ismni berishgan. Selena Gomesning bobo-buvisi (ota tomondan) 1970-yillarda Meksikadan Texasga koʻchib kelishgan, shu sababli xonanda oʻzini amerika-meksikalik deb biladi.

Uning oilasi ham san’atga yaqin insonlar boʻlgan, masalan, onasi teatr aktrisasi boʻlgan va qizini tez-tez oʻz spektakllariga olib borgan va shu tariqa uni sahnaga oʻrgatgan. “Onam uzoq vaqt teatrda rol ijro etgan va men undan hayratda boʻlganman. Men oilada yolg‘iz farzand edim. Menga shunchaki tomoshabinlar oldida chiqish yoqardi”, — deb eslaydi Gomes.

Selena 5 yosh boʻlganda uning ota-onasi ajrashib ketishgan, ammo oradan koʻp vaqt oʻtmay onasi Amanda boshqa erkakka turmushga chiqadi va Selenaning ikkinchi otasi uning yulduzlik yoʻlida muhim rol oʻynaydi. Selenaning 2013 va 2014-yillarda tugʻilgan ikki singlisi bor.

2013-yil oxirida Selena Gomesga tizimli qizil yuguruk (Lupus) tashxisi qoʻyilgan. Keyin u davolanish uchun ishdan tanaffus olishga majbur boʻldi.

Kasallik tufayli xonandaning buyragi ishdan chiqa boshladi va 2017-yilda u buyrak koʻchirib oʻtkazishga majbur boʻldi. Uning bolalikdagi doʻsti Fransiya Raisa donorlik qilgan. Shundan soʻng Gomes arteriya yorilishi bilan bogʻliq asoratlar tufayli yana bir operatsiyani oʻtkazgan.

Kinodan musiqagacha

Selena dastlab faoliyatini kinoda boshlagan. U bolaligidayoq aktrisa sifatida debyut qilgan: 2002-yilda “Barni va doʻstlar” bolalar telekoʻrsatuvida ishtirok etgan. 2004-yilgacha qizcha serialning 13-qismida koʻrinish bergan, keyinchalik prodyuserlar endi rol uning yoshiga mos kelmasligi boisidan u bilan ishlashni toʻxtatishgan.

Bugungi qahramonimiz koʻpchilikka mashhur “Uddaburon bolalar” filmida ham rol ijro etgan. Selena Gomes 2003-yilda “Uddaburon bolalar 3: Oʻyin tugadi” filmida akvaparklar egasining qizi sifatida qisqa epizodda suratga tushgan. 2000-yillarda tugʻilgan bolalar bu filmni juda yaxshi eslasa kerak.

2007-yilda Selena “Hanna Montana” teleserialida pop qoʻshiqchisi Makayla rolini oʻynagan. 2008-yilda esa u “Jonas Brothers” guruhining “Burnin' Up” klipida rol oʻynadi. Shu yil Gomes bosh rolda paydo boʻlgan “Zolushkaning yana bir hikoyasi” filmi ekranlarda paydo boʻldi.

2010-yilda u “Ramona va Bizus” va “Monte Karlo” filmlarida bosh rollarni oʻynagan. Oxirgi rol uchun Gomes poloni oʻrgangan va ingliz aksenti bilan gaplashish uchun logoped bilan ishlashiga toʻgʻri kelgan.

Bundan tashqari, Selena Gomes 10 filmlarda bosh va ikkinchi darajali rollarni ijro etgan. Ammo baribir u dunyoga musiqalari bilan koʻproq tanish. Endi musiqiy faoliyati haqida.

2009-yilda Selena Gomes oʻzining “Selena Gomez & the Scene” musiqiy guruhini tuzadi va oʻsha yilning kuzida “Kiss & Tell” debyut albomini chiqaradi.

Bundan bir yil oʻtib “Selena Gomez & the Scene” oʻzining ikkinchi studiyaviy albomi — “A Year Without Rain"ni e’lon qildi. Bu albom muvaffaqiyatga erishib, chartlarda yuqori oʻrinlarni egallaydi.

2011-yilda ularning uchinchi albomi “When the Sun Goes Down” e’lon qilindi. Ushbu albomga kiritilgan oʻsha mashhur “Love You Like a Love Song” singli Qoʻshma Shtatlarda toʻrt marta platinaga ega boʻlgan (har bir million sotuvda bitta “platina” darajasi beriladi).

Gomes 2013-yilda yakkaxon chiqishni boshlagan. Oʻsha yili “Come & Get It” va “Slow Down” singllari, keyin esa “Stars Dance” birinchi yakkaxon albomi chiqdi. “Come & Get It” Selenaning faoliyatidagi eng mashhur qoʻshiqlardan biri boʻlgan.

2015-yilda Gomes ikkinchi yakkaxon albomini e’lon qiladi. U “Revival” deb nomlanadi. Unga, tabiiyki, xuddi shu nomdagi qoʻshiq ham kiritilgandi.

2016-yilning may oyida Selena Charli Put bilan birgalikda yana bir haqiqiy xit — “We Don’t Talk Anymore” qoʻshigʻini chiqardi. Trekning Qoʻshma Shtatlardagi tirajlari 1 million nusxadan oshdi va unga ishlangan klip hozirgacha YouTube’da 3 milliarddan ortiq marta koʻrilgan.

2020-yil boshida xonandaning “Rare” nomli uchinchi studiyaviy albomi chiqadi. Xuddi shu kuni xuddi shu nomdagi singl uchun video ham chiqqandi.

2017-yil holatiga koʻra, Gomes butun dunyo boʻylab 7 milliondan ortiq albom va 22 million singl sotgan. 2022-yil holatiga koʻra, u butun dunyo boʻylab 210 milliondan ortiq singl sotishga muvaffaq boʻldi va musiqa platformalarida 45 milliarddan ortiq strimlar toʻplagan.

Yana treklar

“Feel me”

“Kill Em With Kindness”

“The Heart Wants What It Wants

“Calm Down” (feat Rema)

“Love on”

“Viclo”

“Same Old Love”

“Stars Fade out” (feat Eminem)

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ