Tohir Sodiqovdan Irina Kayratovnagacha. Gala konsertga aylangan CAU bitiruv kechasi

E’lon qilingan sana· 304
Tohir Sodiqovdan Irina Kayratovnagacha. Gala konsertga aylangan CAU bitiruv kechasi

28-iyun kuni Central Asian University’da Graduation Party boʻlib oʻtdi. Unda bitiruvchilar uchun mahalliy san’atkorlardan Tohir Sodiqov, Rayhon, Shoxrux va Shaxriyorlar chiqish qildi. Tadbir hedlayneri esa Irina Kayratovna guruhi boʻldi. Afisha.uz jamoasi bitiruv kechasida qatnashib, undan yorqin foto va videoreportaj tayyorladi.

Tadbirni dastlab CAU talabalarining chiqishi bilan boshlandi. Mehmonlarning hammasi toʻplanib, biroz qizib olganidan soʻng afsonaviy “Bolalar” guruhi solisti Tohir Sodiqov sahnada koʻrinish berdi. Uning qoʻshiqlarini eshitmagan odam boʻlmasa kerak, koʻpchilikning bolaligi “Bolalar” bilan oʻtgan. Tohir Sodiqov kuylaganda hamma unga joʻr boʻldi, ayniqsa hammaga yaxshi tanish boʻlgan “Sogʻindim”, “Kerak emas” kabi qoʻshiqlari yangraganda.

Shundan soʻng “Sen orzungga ishon”, deb eski trendni eslatgan Rayhon hammani raqsga taklif qildi.

Biroz tanaffusdan soʻng ijodga va uzoq yillik Amerikadagi hayotdan Oʻzbekistonga qaytgan Reper Shaxriyor bitiruv kechasining asosiy yulduzlari, ya’ni bitiruvchilarni valsga tushishini soʻrab, “Xasta boʻlma” qoʻshigʻi bilan oʻz chiqishlarini boshladi. “Seni koʻrdim”, “Tashlandiq” kabi qoʻshiqlar hali ham koʻpchilikning yodida ekani unga joʻr boʻlganlardan koʻrinib turgandi.

Rep yoʻnalishidagi chiqishlarni Shoxrux davom ettirdi.

Va nihoyat tadbirning asosiy mehmoni — “Irina Kayratovna"ga navbat keldi. U yerga toʻplanganlarning asosiy qismi aynan ushbu qozoq guruhi uchun kelgandi, tashqaridan, ya’ni chipta sotib olib kelganlarning koʻpchiligi “Irina Kayratovna” sababli kelganini aytadi. Bu guruhning yarim soatli chiqishi mehmonlarni oʻynatib, sakratib, charchatib qoʻydi. Tabiiyki, “5000”, “China”, “Ajare Gudju” kabi treklarga oʻynamaslikning iloji yoʻq.

CAU bitiruv kechasidan tayyorlangan video reportajimizni YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.