Asl Wayne qoʻshiqlarini yaratishda nimadan ilhomlanishini aytdi
Afisha.uz hozirda oʻzbek reperlari orasida alohida oʻringa ega boʻlgan Massa va Asl Wayne`ning viloyatlar boʻylab konserti turi oldidan maxsus suhbat oʻtkazdi.
Biz ijodkorlar bilan koʻplab mavzular, xususan, musiqa yozishda qanday ilhomlanishi haqida gaplashdik. Reperlarga “Sizga qanday holatlarda ilhom keladi?”, degan savol bilan yuzlandik. Ularning javobi quyidagicha boʻldi.
“Yoʻlda. Mashina haydab uzoqlarga borsam, yaxshi narsalar yozib kelaman. Deyarli hamma qoʻshigʻim yoʻlda yozilgan. Bitta oʻzim mashinani haydayman, ketaman. Ayoz qal’a, Aqchakoʻl, Nukus taraflarga ketaman. Bitta oʻzim. Oʻshanda yozsa boʻladi. Tinchlik-da. Quyosh chiqquncha oʻtiraman, quyosh chiqadi, keyin qaytaman”, deydi Asl Wayne.
Shu payt Massa ham suhbatga qoʻshilib, “Ayoz qal’a tunda chiroyli boʻlsa kerak yulduzlar bilan?”, dedi. Asl Wayne buni tasdiqlab, Toshkentda yulduzlar koʻrinmasligi haqida gap boshladi. “Kecha mashinani haydadimda, togʻga qarab ketdim. U tarafda ham koʻrinmadi”, deydi Aslbek Bayjanov.
Skrinshot: Afisha.uz YouTube kanali
Shuningdek, ilhom haqidagi savolga Massa, ya’ni Shuhrat Allayorov ham javob berdi.
“Toʻgʻrisini aytsam, menga ilhom koʻproq hammomda keladi. Masalan, basseyndami, qayerdadir oʻtirib dam olsam, shunchaki ijod qilgim kelib qoladi. Lekin hech qachon hech narsani yozmagan ekanman oʻsha payt. Bunaqaroq qilsam boʻladi, deb sal „otib“ qoʻyaman. Lekin asosan bunga ishdek qarayman. Masalan, bugun ashula yozishim kerakmi, kelaman, robotdek oʻtiraman, 3 soat kelmasligi mumkin. Oʻtirasiz, kelmaydi. Qarasangiz soat sahar 4 boʻlayotgan boʻladi, charchab uyga ketayotgan paytingiz bitta kelib qoladi. Ilhom shunaqa narsa. Koʻpchilik aytadiku, menda ilhom kelmadi, boʻldi, deb. Lekin uni keltirsa boʻladi”, deydi Massa.
Reper yosh ijodkorlarga maslahat sifatida oʻzining ilhom keltirish formulasi bilan boʻlishdi.
“Birinchi navbatda moddiy deydimi, muammolarni hal qilish kerak. Masalan, deylik, qorin toʻq boʻlishi kerak. Chunki och qorinda oʻtirsangiz, nima yesa ekan, nima ichsam ekan degan hayollar boʻladi. Kunduzgi ishlar, masalan, menda zalga borib kelish, moliyaviy ishlarimni tugatish, shularni qilaman. Chunki ularni qilmasangiz, masalan, ertaga erta uygʻonish kerak boʻlsa, hayolingiz boshqa joyga ketib qoladi. Hayolingizda ijod boʻlmaydi.
Hamma muammolaringizni yopasiz. Boshingiz achib ketgan boʻlsa, yarim soat yoki bir soat biror video yo kino koʻrib dam olasiz. Kimdir kompyuter oʻynaydi yoki boshqa. Mana endi dam olish kerakmi, mana shunaqa payt menda keladi ijod", deydi reper Shuhrat Allayorov.
Biz bundan tashqari ular bilan konsertlar, undagi premyeralar, Munisa Rizayeva, Minor bilan kollablar, Asl Wayne`ning faoliyati, hozirda qayerda oʻqishi, xorazmcha rep va Xorazmdagi “Qalin puli” haqida ham gaplashdik. Ushbu intervyuning toʻgʻini Afisha.uz Youtube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.