Yangi yil dasturxoni tayyor boʻlguncha nima tomosha qilib turamiz?
Koʻp xonadonlarda Yangi yil dasturxoni yozilishiga oz fursat qoldi, ayrimlar tayyorgarlikni davom ettirmoqda, ba’zilar esa uni intiq kutmoqda, biz bunga aminmiz va kutuvchilarning vaqtini mazmunliroq oʻtkazishi uchun yordam berishga tayyormiz. Afisha.uz muharriri Mirjalol Qosimov YouTube’ni aylanib, ungacha tomosha qilish mumkin boʻlgan videolarni bir joyga toʻpladi.
2024-yil: Kino olamida
Bir tom ostidagi hamkorlarimiz — Gazeta.uz jamoasi Sarvar Karimov bilan suhbat qilib, 2024-yilda chiqqan kinolar haqida suhbatlashdi. Unda yil davomida e’lon qilingan kino va seriallar rejissyor bilan muhokama qilingan. Yil kinolarini sarhisob qilish uchun ayni muddao.
“Oʻzbek kino platformalari holati” | XayMayli podcast
Bu orada Sarvar Karimov yana bir podkastda chiqishga ulgurdi, bu safar u Mirshakar Fayzulloyev bilan suhbatlashdi.
Gong Shou 3-son
“Sahna” stendap klubi jamoasi ham Yangi yilga ajoyib sovgʻa tayyorladi — “Gong Shou” loyihasining bayram sonini e’lon qildi. Unda komiklar qisqa hazil aytib, 30 soniya ichida tomoshabinlarni kuldirishi kerak. Gʻolib pul mukofotiga ega boʻladi.
Nima uchun YANGI YIL bunaqa gʻamgin?
Bloger Kunduziy ham oʻz muxlislarini xursand qilib, yangi video e’lon qildi. Lekin bu video unchalik ham xursandchilik haqida emas. Siz ham shuni sezganmisiz? Soʻngi paytlar “bayram” shukuhi borgan sari kamayib bormoqda. Buning sababi nimada? Oldingi davrlardagi “bayram sehri” qayerga yoʻqoldi? Bloger shular haqida fikr yuritadi.
Reaktor: “AL-HAZARdan HAZAR qilmadik!”
Eks-“Subyektiv” jamoasi Bekmirza Rashidov, Jamshidxon Ziyoxonov, Abdullajon Yusupov va Farrux Sharipovlar hozirgi kunlarda efirga uzatilayotgan “Al-Hazar” serialini tomosha qilib, unga reaksiya qildi.
“Angliyaning Qora Tomoni — Berkitilgan Haqiqatlar”
Jamshidxon Ziyoxonovning oʻzi ham alohida video tayyorlagan. U Angliya safari haqida boʻldi.
“Ovoz: Gʻoliblikka kim loyiq edi?”
Yilning eng shov-shuvli loyihasi — “Ovoz"ning ham kattalar, ham bolalar oʻrtasidagi 1-mavsumi yakunlandi. “Qoʻshtirnoq” podkastida Madlen va Matin (Xurshid Inagamov) bilan birgalikda loyihadagi taassurotlar va nizolar, muxlislarning negativ izohlar haqida gapirdi.
“Yangi yil haqidagi eng yaxshi filmlar [TOP-X] | EKG TAVSUYET #1”
Bir guruh iste’dodli komiklar jamlangan “EKG” jamoasi ushbu bayram haqidagi eng yaxshi filmlarni tavsiya qiladi, ular klassikaga aylangan kinolar emas, yangilik topishingiz mumkin, koʻringchi.
Oq Qayin (Oygaing) vodiysi | Qish mavsumi
“Daydi Club” jamoasi Oq Qayin vodiysiga sayohat qilib, ushbu joylar qish mavsumida qanday holatda (goʻzalligini) koʻrsatib beribdi. Koʻrish qat’iy tavsiya qilinadi.
Ilhom, Kitoblar va Oʻzbekistonlik | Konsta | Sigma podkast
“Sigma” podkasti mualliflari reper Konsta bilan uning yangi albomi — Qiymat, otalik mas’uliyati, albom yaratish jarayoni, Oʻzbekistonlik treki uchun gonorar, mavzular va kitoblar haqida suhbatlashdi.
Vodiy Shveytsariyasi — Qishki Shohimardonga sayohat | Manzil
Shohimardon — bu O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidagi tog‘li hudud bo‘lib, o‘zining go‘zal tabiat manzaralari, tarixiy va madaniy ahamiyati bilan mashhur. Bu hudud dengiz sathidan taxminan 1550−1700 metr balandlikda joylashgan va qishloq aholisi asosan o‘zbeklar va qirg‘izlardan iborat. “Manzil” loyihasi ijodkorlari oʻsha yerga sayr qilib, u yerdan video tayyorladi.
Hozircha tavsiyalarimiz shulardan iborat, agar ulardan biri tomosha qilishni xohlamasangiz, aynan hozir istalgan telekanaldan bayramona dastur yoki kino efirga berilmoqda, ular bilan ham vaqt oʻtkazish mumkin. Asosiysi, bayram kayfiyatini saqlab qoling. Kirib kelayotgan bayramingiz muborak boʻlsin!