"Голос" loyihasidan oldingi tarixni koʻpchilik bilmaydi" — Sevara Nazarxon

Xonanda Sevara Nazarxon YouTube platformasidagi “NamGap” loyihasidagi suhbati davomida oʻzi qatnashgan “Голос” loyihasi va Humo Arena’da boʻlib oʻtadigan konserti haqida gapirdi.
Shuningdek, suhbat davomida qoʻshiqchi konsertlariga oʻzi prodyuserlik qilishini aytdi.
“Голос” loyihasidan oldingi tarixni koʻpchilik bilmaydi. Chunki unda internet boʻlmagan. Hammasi 2000 yoki 1999-yildan boshlangan — birinchi safarlar, London, oʻsha odamlar. Bularning hammasini eslash oʻzim uchun ham qiziq. Oradan 15 yil oʻtib, “Голос” boʻlgan. Men uchun juda ham qiziq boʻlmagan, lekin kerak boʻlgan. Unda oʻziga yarasha vazifalar bor edi.
Rostini aytganda, bu katta foyda keltirdi, chunki koʻplab turlar boʻldi. 4−6 yil davomida Rossiyada koʻplab konsertlar berilgan. Bunda faxrlanadigan holat ham bor, chunki hamma joyda mening oʻzbekcha musiqam yangradi. Toʻgʻri. “Голос"dan keyin “Там нет меня” kaveri ham boʻlgan, lekin asosan oʻzbekcha mualliflik qoʻshiqlarim jaranglagan.
Hamma konsertlarimga oʻzim prodyuserman va barcha boʻlimlarni noldan boshlab oxirigacha oʻzim nazorat qilaman. Hozir konsert atrofida 100 dan ortiq odam ishlamoqda. Tushunishingiz uchun, mening miyamda faqat qoʻshiq kuylash yoki yozish emas, lekin bu ham qiziq jarayon. Bu safargi konsert xuddi xronologiyaga ega kinodek boʻladi.
Konsertda duetlar ham boʻladi. Birga duet aytgan odamlarni oldinga olib chiqmoqchiman, ular e’tibor markazida boʻladi, lekin men ham ular bilan qoʻshiq aytaman. “Men choy ichib kelay, 40 daqiqada qaytaman”, degan narsa boʻlmaydi.
Ma’lumot uchun, Sevara Nazarxon 2−4 may kunlari Humo Arena’da “Ruh” nomli konsert dasturini taqdim etadi.