Xitoyda yangi qonun: endi faqat oliy ma’lumotli blogerlar professional mavzularda kontent yarata oladi

E’lon qilingan sana· 41
Xitoyda yangi qonun: endi faqat oliy ma’lumotli blogerlar professional mavzularda kontent yarata oladi

Xitoyda 25-oktabrdan yangi qonun kuchga kirdi. Unga koʻra, sog‘liqni saqlash, moliya, huquq, ta’lim yoki texnologiya kabi mavzularda kontent yaratayotgan har qanday bloger tegishli oliy ma’lumot ega bo‘lishi kerak.

Bu talab Xitoyning Kiberfazoni boshqarish ma’muriyati (CAC) tomonidan joriy etilgan. Bu qonundan maqsad — ijtimoiy tarmoqlarda soxta ma’lumotlar tarqalishini to‘xtatish va fuqarolarni “zararli maslahatlar"dan himoya qilish ekanligi koʻzda tutilgan.

Endilikda Douyin (TikTok'ning xitoycha versiyasi), Bilibili va Weibo kabi platformalar kontent kreatorlarning diplom yoki sertifikatlari rasmiy nazorat ostiga olinadi. Shuningdek, blogerlar har bir videoda ma’lumot manbalarini ko‘rsatishlari, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentni esa maxsus belgilar bilan ajratib ko‘rsatishlari kerak.

Qoidabuzarlik holatlarida akkaunt jarimaga tortilishi yoki bloklanishi mumkin. Bundan tashqari, yana bir necha cheklovlar va talablar qoʻyildi:

  • qimmatbaho mashinalar, brend kiyimlar yoki dabdabali sayohatlarni ko‘rsatish taqiqlanadi, chunki bu “yoshlarga noto‘g‘ri o‘rnak bo‘lishi” mumkin;
  • blogerlar o‘z daromadlari va soliqlarini ochiqlashlari talab qilinadi;
  • videolarda filtr yoki neyron tarmoq ishlatilgan bo‘lsa, bu haqda oldindan ogohlantirish berilishi shart.

Rasmiylar bu chora-tadbirlarni “axborot muhitini tozalash” deb atagan bo‘lsa-da, ko‘plab tanqidchilar yangi qonun so‘z erkinligini cheklashi, mustaqil ovozlarni senzura ostiga olishi va ijodkorlikni bo‘g‘ishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ba’zilar esa bu qarorni qo‘llab-quvvatlab, “muammoli mavzularda faqat mutaxassislar fikr bildirishlari kerak” degan fikrni ilgari surmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling