Frankenshteyndan Afroditagacha: Jahongir Otajonovning yangi klipida nimalarga ishora qilingan?

E’lon qilingan sana· 240
Frankenshteyndan Afroditagacha: Jahongir Otajonovning yangi klipida nimalarga ishora qilingan?

29-noyabr kuni Jahongir Otajonovning “Moda” qoʻshigʻi va unga ishlangan klip e’lon qilindi. Klip YouTube platformasida hozirgacha 200 ming martadan oshiq koʻrildi va har xil muhokamalarga, xususan, koʻplab ijobiy fikrlarga sabab boʻldi. Quyida Afisha.uz muharriri ham ushbu ijod namunasi haqida oʻz fiklarini bildiradi.

Videorolik rejissyori Sardor Faxriddinov boʻlib, u avvalroq Jahongir Otajonov bilan bir nechta rezonansga sabab boʻlgan kliplar suratga olgan. Masalan, uning “Foniy dunyo”, “Poram”, “Happy Birthday” kabi qoʻshiqlar uchun ishlangan videolari mashhurlikka erishgan. Ularda kinematografiya va san’atning boshqa koʻzga koʻringan namunalariga ishoralarni koʻrish mumkin edi.

Ammo ba’zi tomoshabinlar rejissyorni bu uchun tanqid ham qilgandi. Ya’ni ishoralar biror katta narsani anglatmayotgani, balki shunchaki navbatdagi ishora uchungina xizmat qilayotgani ta’kidlangandi. “Moda"ni tomosha qilar ekanmiz rejissyor bu tanqidlarni toʻgʻri qabul qilganini sezishimiz mumkin. Chunki bir qarashda yaqqol “otsilka"lar koʻzga tashlanmaydi.

Klip yuqoridagi kadr bilan boshlanadi. Unda har xil rangdagi, kir yamoqlar bir-biriga tikilganini koʻrish mumkin. Klipning oʻzi rejissyor Gilyermo del Toroning 2025-yilda premyera qilingan “Frankenshteyn” filmi uslubida olingan. Birinchi kadrdagi yamoqlar ham Frankenshteyn personajini eslatib yuboradi, klipdagi salbiy qahramonlar esa yamoqlarni talashishni boshlaydi.

Frankenshteyn maxluqi — Meri Shellining “Frankenshteyn yoki Zamonaviy Prometey” romanining asosiy qahramonlaridan biri. Romanda Viktor Frankenshteyn jonsiz materiyadan tirik mavjudot yaratmoqchi boʻladi. Natijada, u Frankenshteynning o‘zini dahshatga soladigan mavjudotga aylanadi.

Umuman olganda, klipni ushbu asar va personaj bilan bogʻlash ijodkorlar yetkazmoqchi boʻlgan fikr uchun ham mos keladi. Videorolik va qoʻshiq orqali modaning ortidan quvib, oʻzligini yoʻqotayotgan odamlar tanqid ostiga olinadi.

Keyingi kadrda esa Jahongir Otajonovning oʻzi koʻrinadi. U yamoqni talashayotgan qizlardan birini oʻz laboratoriyasiga olib kirib ketadi. Klipni nuar janrida olingan deyish mumkin. Laboratoriyada gotika uslubi ham koʻzga tashlanadi. Shuningdek, “Frankenshteyn” asari yozilgan 1800-yillarga ishoralar koʻrsatiladi.

Quyidagi kadr bilan esa zamonaviy tendensiyalar tanqid ostiga olinadi. Doskadagi boshqa suratlar ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi.

Keyin esa klip qahramonlari Afrodita haykaliga intilayotgani, unga oʻxshashga harakat qilayotgani namoyish etiladi. Bu miloddan avvalgi 130−100 yillar oralig‘ida, ellinizm davrida yaratilgan qadimgi yunon haykali hisoblanadi. Afrodita yunon mifologiyasida go‘zallik va sevgi ma’budasidir.

Bu antik san’atning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lib, Paros marmaridan yasalgan. Hozirgi kunda esa Parijdagi Luvr muzeyida saqlanadi.

Bunday tasvir tili koʻplab filmlar va kliplarda ishlatiladi. Horror estetikasida olingan kadrlarda qahramonlarning yuzi shisha orqasida siqilib, deformatsiya boʻlayotganini koʻrish mumkin.

Bu montaj stili ya’ni koʻz, lablar va yuzning makro kadrlari rejissyor Daren Aranovskiy filmlarida uchratish mumkin. Shuningdek, Alfred Xichkokning “Psycho” kinokartinasiga ham ishora boʻlishi mumkin.

Keyin esa zombi apokalipsis boshlanadi va klip qahramonlari Jahongir Otajonovni quvlashni boshlaydi. Eng oldinda ketayotgan qizning qoʻlida qizil bayroqni koʻrish mumkin. Bu bilan, albatta, hozirgi kunda trendga aylangan “red flag” tendensiyasiga ishora qilinmoqda.

Jahongir Otajonovning ijodini kuzatar ekanmiz uning klipda koʻtarilgan mavzuga “mehri” boʻlakcha ekanini sezish mumkin. Avvalroq qoʻshiqchi “Kachayte” nomli musiqiy klip ham e’lon qilgandi.

Shuningdek, klipdagi kinematografiya va san’atning boshqa turlariga ishoralar tomoshabopligini oshirishga va koʻproq odamlarga yetib borishiga xizmat qiladi. Ushbu taqriz ijodkor yetkazmoqchi boʻlgan fikrning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini belgilash uchun emas, balki yetkazish uslubini baholash uchun yozildi va bu uchun rejissyor maqtovlarga loyiq ekanini ta’kidlash kerak.


Quyida klipni tomosha qilishingiz va Telegram kanalimizdagi izohlarda biz ilgʻamay qolgan belgilar haqida yozib qoldirishingiz mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling