"Oshxona emas joyim yuragingda": "Q.zlar"ning navbatdagi treki haqida

“Qizlar” guruhi “Baland” deb nomlangan yangi trek va unga ishlangan klipini premyera qildi. “Freestyle”, “Intro” qoʻshilari bilan hip-hopga kirib kelgan uch nafar qizdan iborat guruhning navbatdagi treki ham ayol-qizlar, ularning jamiyatdagi oʻrni haqida boʻldi. Ular jamiyatda qizlar haqida keng tarqalgan stereotiplar haqida kuylaydi.

Masalan, qoʻshiq qizlarda logika yoʻq ekani, ular qayerdandir paydo boʻlib qoladigan oppoq otdagi shahzodasini kutishi (ya'ni bu yerda qizlar boyga uchadi degan qarash ham), ularni shirin soʻzlar bilan aldash mumkin degan ritorika bilan boshlanadi. Keyingi kupletlarda esa ular bunga javob beradi.
Qatorlarim steyk, ovqatdan qiziq,
Nonushtaga har kun oq otdan qazi.
Yuragimda boʻsa oʻq oʻtmas tizim,
Oʻtma — qizil.

Bu yerda ular aytmoqchiki, qizlar oq otdagi shahzodasini kutmaydi, ular kerak boʻlsa oʻsha oq otni yeb tashlashi mumkin. Qizlar bu mavzularga ovqatlar orqali qarashni juda uddalashyapti, “Intro” trekida aynan Dinoraning “Qornimdagi kapalaklardan qildim mastava” kabi qatorlari bor edi.
“Q.zlar” haqidagi oldingi maqolalarda ham aytganmiz — ular “YuzLabel” ijodkorlari. Qoʻshiqlari matnini leyblning musiqiy prodyusserlari — Konsta va MORF yozadi. Dinoraning aytishicha, har bir trekida ularning “pocherki” bilinib turadi.

Undan keyingi kuplet esa Shaxloga tegishli. U ham yigitlarning har xil gap soʻzlari, qizlarni gullar, restoranlar bilan aldash mumkin degan qarashga qarshi chiqadi. Qizlar bu narsalarga oʻzi ham erisha olishini aytadi.
Gullar, romantika.
Chiroyli restoran tamaddiga,
Kerakmas olib boraman degan.
Men oʻzimga oʻzimman oʻzim beka.
Undan keyingi kupletda esa Shaxlo erkaklarning nozi, arazlashlari ularga yarashmasligi, qizlarga yoqmasligini silliq aytib ketadi. Bu yerda ham ovqat orqali — ajoyib.
Yilim ilon emas, lekin tilim
Zaxarli boʻlsa ham qoʻlim shirin.
Qilmayman har xil salatlar,
Mujskoy kapriz yoqmidi — gʻalati.

Trekda eng koʻp uchraydigan soʻz — “oʻzim”. Bu bilan ijodkorlar har bir narsaning markazida insonning oʻzi turishi, qizlar har xil gaplarga berilib ketmasligi kerakligini aytmoqchi boʻladi. Ular oʻzi uchun — eng chiroyli, qirolicha. Ular barchasiga oʻz kuchi bilan erisha oladi.
Naqoratda esa mana shunday stereotiplarga ishonadigan yigitlarga messej beriladi. Ya’ni qizlarning joyi oshxonada emas, ular istalgan joyda, istalgan kasbda muvaffaqiyatga erishishi mumkin, faqat ularni sevish kerak, mehr berish kerak — ularning joyi yuraklarda.
Oshxona emas joyim yuragingda,
Aniq kattaman yarim boʻlagingdan.
Yuradigan emasman yoʻlagingdan,
Bu qizlar uchadigan baland, baland.

Qizlarning ta’kidlashicha, qoʻshiq gʻoyasi ham qizlar baland ucha olishi haqida.
“G‘oyamiz oddiy: qizlarn kuchi faqat chiroyida yoki qizlar bilan bog‘liq boshqa stereotip fikrlar bilan assotsiatsiya qilinadigan tomonlarida emas, aksincha — harakat qilsa, baland uchishi mumkinligi haqida. Qizlar ham kuchli bo‘la oladi”, — deydi ijrochilar Afisha muharriri bilan suhbatda.
Ijodkorlar gʻoya jamoaviy studiyada oʻtirganda paydo boʻladi, ammo yuqorida aytilganidek, qoʻshiqlar matnini MORF va Konsta yozadi. Qizlar haqida shakllangan notoʻgʻri fikrlar, ularni yoʻq qilish, ularning mavqesi baland boʻlishi kerakligi haqidagi qoʻshiq erkaklar tomonidan yozilayotganini ham alohida qayd etish kerak. Barcha treklar guruhdagi qizlarning xarakteridan kelib chiqib yoziladi va qatorlar shunga mos tarzda taqsimlanadi.
Mazkur trekka ishlangan klipga Shokhsanam Norm rejissyorlik qilgan. Musiqa esa Alinurga tegishli. Obrazlarni esa Rushana Mamadaliyeva va Asalya Rahmonovalar yaratgan.