Dubay rasman yangi atamani ishga tushirdi: Dubai-it

Amirlik rasmiylari bu ma'noni "a'lo natijalar bilan va rekord vaqt ichida ajoyib biror narsa qilish" deb ta'riflashgan.
BAA bosh vaziri va Dubay hukmdori Shayx Muhammad yangi global trend va muvaffaqiyat falsafasini — “Dubai-it” (“Dubaycha qil” yoki “Buni Dubay usulida amalga oshir”) konsepsiyasini taqdim etdi.
Dubai-it fe’li oddiy shior emas, balki amirlik kelajak avlodlarga yetkazishni va barcha mahalliy kompaniya hamda institutlar madaniyatiga singdirishni rejalashtirayotgan butun boshli falsafa sifatida ilgari surilmoqda.

Dubai-it — bu g‘ayrioddiy natijalarga benuqson sifat va rekord darajadagi tezlik bilan erishish san’ati. Falsafa uch asosiy tamoyilga tayanadi:
- O‘ta tezkorlik — eng jasur va hatto aqldan ozgandek tuyulgan g‘oyalarni dunyo miqyosidagi diqqatga sazovor loyihalarga boshqalardan tezroq aylantirish.
- Murosasiz sifat — yuqori tezlik sifat yoki aniqlikdan voz kechish uchun bahona emasligini isbotlash.
- Amaliy natijalar madaniyati — e’tiborni faqat aniq va ko‘zga ko‘rinadigan natijalarga qaratish. Kamroq gap, ko‘proq ish. Kampaniyaning asosiy shiori: “Biz nima desak, shuni qilamiz va nima qilsak, shuni aytamiz”.
Saylovoldi kampaniyasi e’lon qilinishi bilan birga, internetda arxiv videosi paydo boʻldi. Unda bir necha o‘n yillik farq bilan olingan kadrlar montaj qilingan: dastlab Shayx Muhammad vertolyotda cheksiz cho‘l uzra uchib o‘tayotgani ko‘rsatiladi, keyingi kadrlarda esa u samolyot oynasidan o‘sha hududga qaraydi. Endilikda bu yerda Burj Xalifa va Palm Jumeirah sun’iy oroli qad rostlagan.
Mualliflar g‘oyasiga ko‘ra, konsepsiya dunyoning istalgan nuqtasida qo‘llanishi mumkin. Masalan, davlat boshqaruvida u byurokratiyani qisqartirish va innovatsiyalarni boshqa mamlakatlar hali muhokama qilishni boshlamasidan oldin joriy etishga chaqiradi. Biznesda esa moslashuvchan, yuqori samaradorlikka ega korporativ madaniyat va tezkor global kengayishni nazarda tutadi. Shaxsiy hayotda esa bu insonni chegaralarini kengaytirishga, katta orzu qilishga va bahonalarsiz harakatga o‘tishga undovchi shaxsiy manifest sifatida talqin qilinadi.