Sakkizinchi Toshkent reklama festivali TAF!26 qanday oʻtdi?

Toshkentda har yili TAF! reklama festivali oʻtkaziladi. Uning tuzilishi oddiy: kunduzi marketologlar uchun konferensiya boʻladi, kechqurun esa reklama kampaniyalari taqdirlanadi. Gʻoliblar qatorida onlayn mikroqarz kampaniyasi bilan AVO bank ham bor.
10-oktyabr kuni sakkizinchi TAF!26 festivali boʻlib oʻtdi. Bu yil tanlov ancha kengaydi. Arizalar soni oʻtgan yilgi 272 tadan 483 taga yetdi, xalqaro hakamlar hayʼati esa yakunda 61 ta mukofot topshirdi.
Festival kuni tadbirlarga boy boʻldi. Ertalab Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida konferensiya bir vaqtning oʻzida oltita zalda oʻtdi. Kechqurun hakamlar sahnaga chiqib keyslarni tahlil qildi, soʻng taqdirlash marosimi boshlandi. Festivalni Oʻzbekiston Marketing assotsiatsiyasi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tashkil etdi.
Konferensiyada nimalar muhokama qilindi
Yetti seksiyada 70 dan ortiq spiker soʻzga chiqdi. Bu yil sahnalar mahalliy ekspertlarga berildi, xalqaro hakamlar hayʼati aʼzolari esa mikrofon oldiga maʼruzachi sifatida chiqdi.
Mavzular amaliy edi. Yandex, Uzum Market va Wunder Digital vakillari mediamiks hamda sunʼiy intellekt davridagi reklama haqida gapirdi. Bank sohasidan kelgan spiker hamma bir xil mahsulot sotayotgan sharoitdagi, “byudjetlar poygasi"dan keyingi marketing haqida soʻz yuritdi. Alohida sessiya maʼlumotlar yordamida mijoz ehtiyojini aniq topishga bagʻishlandi. “Marketing-navigator” formatida esa ishtirokchilar ekspertlar bilan yakkama-yakka uchrashdi.
Kechga yaqin Digital communications seksiyasida reklama byudjetini kim samaraliroq sarflashi haqida bahs boʻldi: agentlikmi yoki in-house, yaʼni kompaniyaning oʻz marketing jamoasimi? Bu haqda quyida batafsil.
Tanlov: 61 ta mukofot va gʻolibsiz qolgan toʻrtta nominatsiya
Short-listga 111 ta ish oʻtdi. Xalqaro hakamlar hayʼatining toʻrtta jamoasi — Cannes Lions, D&AD va Effie hakamligi tajribasiga ega 35 nafar ekspert — baholadi: toʻrtta nominatsiyada mukofot umuman berilmadi. Tashkilotchilar buni yuqori mezon belgilangani koʻrsatkichi deb atadi.
Jami hakamlar 18 ta oltin, 21 ta kumush va 22 ta bronza mukofotni topshirdi. TAF!26 Gran-prisini texnomart va 605 Agencyʼning Watch Me If You Can kampaniyasi oldi. Agentlik Gran-priga yilning “Eng yaxshi agentligi” unvonini qoʻshdi, texnomart esa “Eng yaxshi reklama beruvchi” deb topildi.
Bu mavsumdagi yangilik Industry Choice mukofoti boʻldi. Uni assotsiatsiyaning 72 nafar marketolog va hamkorlaridan iborat mahalliy hakamlar hayʼati tanladi. Hayʼat tarkibida AVO bank vakili ham bor edi.

Suratkash — Tatyana Soldatova
AVO bank: “Imkoniyatlar shu yerda va hozir” uchun oltin va bronza
Cultural Codes & Insights nominatsiyasida oltinni “AVO bank. Imkoniyatlar shu yerda va hozir” kampaniyasi oldi. Onlayn mikroqarz uchun bu kampaniyani AVO bank Synthesis Agency va ANYKEY Production bilan birga yaratgan, u yarim yilgacha boʻlgan muddatdagi tez va oʻlchanadigan natija uchun Short-Term Campaign Effectiveness nominatsiyasida bronza ham olib keldi.
Kampaniya bitta kuzatuvga asoslangan: Oʻzbekistonda eng qimmatga tushadigan soʻz bu “keyin”. Odamlar mamlakat boʻylab sayohatni ham, oilani bir dasturxon atrofida yigʻishni ham keyinga suradi. Roliklar turkumida qahramon “keyin qilaman” deydi va kadrda oʻn yilliklar oʻtib ketadi. Blogerlar oʻzini qarigan holda koʻrsatadigan kontent suratga oldi, bilbordlardan esa eng yaxshi yillari kutish bilan oʻtgan odamlar qarab turdi. Bu nominatsiyada hakamlar madaniy insaytning aniqligiga va brend uchun oʻlchanadigan samaraga qaraydi. Bankning marketingni qayta qurish haqidagi ikkinchi keysi Long-Term Campaign Effectiveness short-listiga kirdi.
Kechqurun “Reklama byudjetini kim yaxshiroq yoqadi: agentlikmi yoki in-house?” panelida banklar va toʻlov tizimining marketing direktorlari, pitseriyalar tarmogʻi hamda agentliklar vakillari uchrashdi. Qizgʻin bahs maʼlumotlarni oshkor qilish masalasi atrofida kechdi. Gap biznes, xususan marketing, tashqi pudratchilarga qaysi maʼlumotlarni berishi mumkinligi va nimalar kompaniya ichida qolishi kerakligi haqida bordi.
“Agentlik buyurtmachi bilan NDA, yaʼni maxfiylik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolaydi. Unda agentlikka nimani berish mumkin va nimani berib boʻlmasligi aniq belgilanadi. Kompaniyaning yakuniy natijasigacha boʻlgan voronka — buni agentlikka berish mumkin. Men bilan ishlagan barcha agentliklar butun voronkaga toʻliq ruxsat olgan va biznes uchun ayni paytda muhim boʻlgan koʻrsatkichlarga optimallashgan”, — dedi AVO bank marketing direktori Regina Kosobokova.
Muhokama hamkorlikning tabiatiga ham daxl qildi.
“Muammo shundaki, mijozlar agentlikni har doim ham teng huquqli hamkor deb bilmaydi. Shundan amalga oshirib boʻlmaydigan talablar paydo boʻladi. Agar agentlik bozordagi ekspertiza markaziga aylansa va oʻzini reklama beruvchiga toʻlaqonli hamkor sifatida koʻrsata olsa, ikki tomon bir-birini hurmat qilgan holda ancha sifatli natijaga erishadi”, — deb izoh berdi Regina Kosobokova.
Ikkala mukofotni ham bank agentlik bilan zich hamkorlikda qilingan kampaniya uchun oldi.
Festivaldan keyin
Gʻoliblarning toʻliq roʻyxatini tashkilotchilar Oʻzbekiston Marketing assotsiatsiyasi saytida eʼlon qildi. Assotsiatsiya raisi Diyor Mirzaaxmedov festivalni mamlakatda professional hamjamiyat va biznesni rivojlantirish vositasi deb atadi.
Umuman olganda, TAF!26 Oʻzbekistonda reklama bozori nafaqat hajman oʻsayotganini, balki oʻz industriyasi standartini ham koʻtarayotganini koʻrsatdi. Muhokamalar tobora jonli va ochiq boʻlib bormoqda, nominantlar soni esa ekspert saralovi qatʼiylashganiga qaramay, yildan-yilga oʻsib bormoqda.
Reklama huquqlari asosida.