GTA VI ko‘ngilochar industriya tarixidagi eng muvaffaqiyatli reliz rekordini o‘rnatdi

O‘yin chiqarilganidan keyingi dastlabki sutkada 3,79 milliard dollar daromad keltirdi.
Grand Theft Auto VI ko‘ngilochar industriya tarixidagi eng muvaffaqiyatli relizga aylandi. Rockstar Games va uning bosh kompaniyasi Take-Two Interactive ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yin chiqarilganidan keyingi dastlabki sutkada 3,79 milliard dollar daromad keltirdi. Bu videoo‘yinlar, kino va musiqani qamrab oluvchi ko‘ngilochar industriya uchun yangi rekord hisoblanadi.
Rasmiy relizgacha GTA VI oldindan buyurtmalar orqali 32,5 million nusxada sotildi. Birinchi kunning yakuniy ko‘rsatkichlari seriyaning avvalgi qismi natijalaridan qariyb besh baravar oshdi. 2013-yilda GTA V dastlabki 24 soat ichida qariyb 800 million dollar daromad keltirgan va uch kun ichida bir milliard dollarlik marraga yetgan edi.
Taqqoslash uchun, kino tarixidagi eng muvaffaqiyatli relizlardan biri bo‘lgan “Qasoskorlar: Final” filmi butun prokat davrida qariyb 2,94 milliard dollar daromad keltirgan. GTA VI bir sutkadan kamroq vaqt ichida ushbu natijadan o‘zib ketdi.
Yangi o‘yin voqealari Florida prototipi asosida yaratilgan xayoliy Leonida shtatida kechadi. Bosh qahramonlar — Lusiya Kaminos va Jeyson Dyuval jinoiy fitnaga aralashib qoladi va jinoyat olamida o‘z hayotini qurishga urinadi. O‘yin voqealarining katta qismi Vays-Siti shahrida sodir bo‘ladi.
GTA VI so‘nggi 13 yil ichida seriyaning chiqarilgan birinchi asosiy qismi bo‘ldi. O‘yin 2026-yil 19-noyabr kuni PlayStation 5 va Xbox Series X|S konsollari uchun chiqarildi. Rockstar bayonotiga ko‘ra, sotuv ko‘rsatkichlari kompaniyaning jahon bo‘ylab sotuvlarning birinchi kuni yakunidagi hisob-kitoblariga asoslangan.