O‘zbekistonning Venetsiya biyennalesidagi paviloni xorijiy OAV talqiniga ko‘ra eng yaxshilar qatoridan joy oldi

Hindiston paviloni va rassom Nik Keyv 2026-yilgi Venetsiya biyennalesi g‘oliblari bo‘ldi.
Venetsiyada 61-xalqaro zamonaviy san’at ko‘rgazmasi yakunlandi. Hindiston ekspozitsiyasi eng yaxshi milliy pavilon deb topildi, amerikalik Nik Keyv esa asosiy ko‘rgazmaning eng yaxshi rassomi bo‘ldi. Bu yil g‘oliblarni tashrif buyuruvchilarning o‘zi aniqladi. O‘zbekiston ham biyennaleda ishtirok etdi va uning milliy paviloni xorijiy OAV tomonidan tuzilgan eng yaxshi ekspozitsiyalar ro‘yxatlaridan joy oldi.
Hindiston yetti yillik tanaffusdan so‘ng Venetsiya biyennalesiga Geographies of Distance: Remembering Home (“Masofalar geografiyasi: uyni xotirlash”) loyihasi bilan qaytdi.
Amin Jaffer kuratorligidagi ekspozitsiya uy tushunchasi, migratsiya, madaniy xotira, muayyan joyga mansublik va insonning tabiat bilan aloqasini o‘rganuvchi besh nafar zamonaviy hind rassomining asarlarini birlashtirdi. Asim Vakifning bevosita Arsenal ko‘rgazma maydonida yig‘ilgan yirik bambuk installyatsiyasi hamda rassom Sumakshi Singhning Nyu-Dehlidagi buzib tashlangan oilaviy uyining kashtachilik texnikasida qayta yaratilgan tasviri eng e’tiborga molik asarlar qatoridan joy oldi.
Amerikalik rassom va haykaltarosh Nik Keyv asosiy ko‘rgazmada Two Points in Time — At Once (“Vaqtning ikki nuqtasi — bir vaqtning o‘zida”) loyihasini taqdim etdi. Mahobatli bronza haykallar va installyatsiyalar turkumi qayg‘uni boshdan kechirishning yetti bosqichiga ishora qiladi. Rassom o‘z asarlarida gul naqshlari, kashta usulida ishlangan avtoportretlar va kundalik turmush buyumlaridan foydalanib, yo‘qotish, qayg‘u va xotirani saqlash mavzularini o‘rgangan.
Keyv, avvalo, moda, performans, zamonaviy san’at va an’anaviy hunarmandchilikni birlashtirgan Soundsuits haykaltaroshlik liboslari turkumi bilan tanilgan.
“Grazie mille! Katta rahmat! Bugun tomoshabinlar e’tirofi mukofoti — Venetsiya biyennalesining ‘Tomoshabinlar e’tirofi sheri’ni olish men uchun katta sharaf. Shukrona kuni mavsumi arafasida minnatdorlik bildirishim uchun qanchalik ko‘p sabablar borligini anglashdan ayniqsa xursandman.
61-Venetsiya biyennalesi doirasida Koyo Kuo g‘oyasi asosida tashkil etilgan In Minor Keys ko‘rgazmasida ishtirok etish men uchun orzuning ro‘yobga chiqishi bo‘ldi. Two Points in Time at Once loyihamning ‘Eng yaxshi ishtirokchi' nominatsiyasida ‘Tomoshabinlar e’tirofi sheri' mukofotiga sazovor bo‘lishi esa ushbu yo‘lning ajoyib yakuni bo‘ldi", — deb yozdi haykaltarosh Instagram sahifasida.
O‘zbekiston Venetsiya biyennalesida
O‘zbekiston uchinchi bor Venetsiya zamonaviy san’at biyennalesida milliy pavilon bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Orol dengizi ekologik halokatiga bag‘ishlangan The Aural Sea loyihasini taqdim etdi.
Arsenal hududida joylashgan ekspozitsiya O‘zbekiston, Xitoy va Vyetnamdan yetti nafar rassom, shuningdek, Britaniya-Yaponiya A.A. Murakami art-duetining asarlarini birlashtirdi.

Loyihaga qoraqalpoq yozuvchisi Allayar Darmenovning hikoyalari asos bo‘ldi. Ularda Orol dengizi afsonalar va tasavvur orqali mavjud bo‘lishda davom etadi. Rassomlar rangtasvir, tovush, haykallar va interaktiv installyatsiyalar orqali ekologik halokatga madaniy xotira va kelajakning ehtimoliy ssenariylari nuqtayi nazaridan qarashni taklif etdi.
O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasi xalqaro san’atshunoslar tomonidan ijobiy baholandi va 2026-yilgi Venetsiya biyennalesining eng yaxshi pavilonlari bo‘yicha bir nechta nashr tuzgan ro‘yxatlardan joy oldi.

Amerikaning Observer nashri The Aural Sea loyihasini eng yaxshi milliy pavilonlar ro‘yxatiga kiritdi. Nashr Sharq va G‘arb rassomlari o‘rtasidagi muloqotni, shuningdek, ekologik inqirozlarni anglash vositasi sifatida mifologiya va jamoaviy xotiraga murojaat qilinganini ta’kidladi.
Arxitektura, san’at va dizaynga ixtisoslashgan Italiyaning Domus jurnali ham O‘zbekiston pavilonini biyennalening eng yaxshi ekspozitsiyalari ro‘yxatiga kiritdi. Nashr O‘zbekistonning san’at, arxitektura va dizayn orqali jahon madaniy xaritasida o‘z o‘rnini shakllantirish borasidagi izchil faoliyatiga e’tibor qaratdi.

Britaniyaning ArtReview jurnali ekspozitsiyani eng e’tiborga molik milliy loyihalar qatorida qayd etdi. San’atshunos Aleksandr Layssl badiiy shakllarning xilma-xilligini — Aygul Sarsenning rangtasvir asarlaridan tortib, tashrif buyuruvchilar tuzdan yo‘qolib ketgan dengiz jonzotlari tasvirlarini yaratishi mumkin bo‘lgan Zi Qahramonovaning interaktiv installyatsiyasigacha alohida ta’kidladi.
The Times of Central Asia xalqaro nashri O‘zbekiston paviloniga alohida sharh bag‘ishladi. Uning muallifi, san’atshunos Naima Morelli loyihaning fojia ko‘lamini kamaytirib ko‘rsatmagan holda, ekologik halokat haqida go‘zallik, she’riyat va umid orqali so‘zlay olishini qayd etdi.

O‘zbekiston milliy pavilondan tashqari, Venetsiyadagi Franketti saroyida (Palazzo Franchetti) rassom Vyacheslav Axunovning Instruments of the Mind shaxsiy ko‘rgazmasini ham taqdim etdi. Ko‘rgazma biyennalening rasmiy parallel dasturidan o‘rin oldi.









