Markaziy bank JCH yo‘llanmasiga bag‘ishlangan esdalik tangalarni zarb etdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki milliy terma jamoaning futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatiga tarixda ilk bor yo‘llanma olgani munosabati bilan maxsus esdalik tangalarini chiqarmoqda.
999,9 asllikdagi sof oltin va kumushdan zarb etilgan tangalar cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan. Xususan, 31,1 gramm og‘irlikdagi 100 dona oltin va 1000 dona kumush tanga kolleksionerlar hamda futbol ishqibozlari uchun taqdim etiladi. Ularning sotuvi 18-iyundan boshlanadi.

Esdalik tangalari dizaynida O‘zbekiston milliy terma jamoasining jamoaviy ruhi va birdamligi aks ettirilgan. Kompozitsiyada 26 nafar futbolchining silueti muxlislar orasida “Oq bo‘rilar” nomi bilan mashhur bo‘lgan ramziy obrazga uyg‘unlashtirilgan.
Tanganing avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi tasviri hamda “Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida — 2026” yozuvi joylashtirilgan. Shuningdek, unda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki” yozuvi va 100 000 so‘mlik nominal qiymat ko‘rsatilgan.

Dizaynda milliy terma jamoa liboslaridagi naqshlardan ham foydalanilgan. Ushbu bezaklar O‘zbekistonning ko‘hna me’moriy obidalari devorlaridagi naqshlardan ilhomlangan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, tangalarning sotuv narxlari hamda ularni xarid qilish mumkin bo‘lgan filiallar ro‘yxati bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.