Louis Vuitton 2026-yilgi JCh kubogi uchun g‘ilofni taqdim etdi

E’lon qilingan sana· 48
Louis Vuitton 2026-yilgi JCh kubogi uchun g‘ilofni taqdim etdi

Louis Vuitton yaqinlashib kelayotgan FIFA Jahon chempionati kubogi uchun eksklyuziv sayohat g‘ilofini taqdim etdi. U 2010-yildan buyon davom etib kelayotgan an’anaga muvofiq, 2026-yilgi FIFA Jahon chempionati kubogini tashish va namoyish etish uchun maxsus yaratilgan.

G‘ilof Parij yaqinidagi tarixiy Asnyer-sur-Sen (Asnières-sur-Seine) ustaxonasida to‘liq qo‘lda tayyorlangan. Aynan shu yer Louis Vuitton hunarmandchiligi shakllangan maskan hisoblanadi. G‘ilof brendning monogrammalari tushirilgan klassik kanvas bilan qoplangan, burchaklari va qulflari esa xuddi 1860-yillardagi Louis Vuitton sandiqlaridagi kabi zarhal jezdan yasalgan.

Tashqi tomoni katta oltinrang “V” harfi bilan bezatilgan bo‘lib, u ikki ma’noni anglatadi — Victory va Vuitton. Ichki qismi och rangli yumshoq charm bilan qoplangan hamda unda Louis Vuitton x FIFA hamkorligiga bag‘ishlangan maxsus nishon joylashtirilgan.

An’anaga ko‘ra, g‘ilof 2026-yilgi Jahon chempionati finali oldidan maydonga olib chiqiladi. Uni brend elchilari va afsonaviy futbolchilardan biri tantanali ravishda olib yuradi.

Futbol va hashamatni qadrlovchilar uchun Louis Vuitton kubok g‘ilofidan ilhomlanib, uchta mashhur aksessuarning cheklangan sotuvini ham e’lon qildi:

  • Coffret 8 Montres — 8 tagacha qo‘l soatini saqlash uchun quti;
  • Cotteville 16 Montres — sakkizdan ko‘p soatlar uchun keys;
  • Malle Courrier Lozine 110 — to‘liq hajmdagi hashamatli sayohat g‘ilofi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling