Hublot va Jeff Kuns Balloon Dog haykaliga ishora qiluvchi soatlar hamda yarim million dollarlik modelni taqdim etdi

E’lon qilingan sana: · 19
Hublot va Jeff Kuns Balloon Dog haykaliga ishora qiluvchi soatlar hamda yarim million dollarlik modelni taqdim etdi

Hublot va amerikalik rassom Jeff Kunsning qo‘shma kolleksiyasidan birdaniga ikkita yangi model o‘rin oldi: uch xil rangdagi Classic Fusion Balloon Dog va markaziy turbillon bilan jihozlangan murakkab MP-14 Origin. Birinchi modelning har bir rangdagi tiraji 200 donadan, ikkinchisidan esa atigi 30 dona ishlab chiqariladi.

Hublot amerikalik rassom Jeff Kuns bilan hamkorlikdagi loyihasini taqdim etdi. Kollaboratsiya ikki xil soat modelini birlashtirdi — rassomning eng taniqli asarlaridan biridan ilhomlangan Classic Fusion Balloon Dog va Koinotning paydo bo‘lish mavzusiga bag‘ishlangan MP-14 Origin.

Classic Fusion Balloon Dog — Kunsning mashhur haykaliga ishora

Birinchi yangilik — dizayni Kunsning Balloon Dog haykaliga ishora qiluvchi Classic Fusion Balloon Dog. U havo sharlari kabi yig‘ilgan ulkan it shaklidagi mashhur haykalni eslatadi. Soatlar birdaniga uch xil variantda — qizil, ko‘k va kumush ranglarda taqdim etilgan. Har biridan 200 donadan ishlab chiqariladi.

Kollaboratsiya uchun Hublot Classic Fusion’ning odatiy dizaynini to‘liq qayta ishlab chiqdi. Diametri 42 mm bo‘lgan korpus, sapfir oynasi, siferblat va hatto vint kallaklari qavariq shaklga ega. Soatlarning ko‘rinishi xuddi ular ham havo bilan “shishirilgandek” taassurot uyg‘otadi.

Balloon Dogʻga ishoralar mayda detallarda ham yashiringan. “10:30” holatida it dumiga o‘xshash element paydo bo‘lgan, zavod boshchasi havo sharining klapanini eslatadi, sekund strelkasining qarshi yuki esa mitti Balloon Dog shaklida ishlangan. “6 soat” belgisida Jeff Kunsning imzosi joylashtirilgan.

Qizil va ko‘k versiyalar tegishli rangdagi sayqallangan anodlangan alyuminiydan tayyorlangan, kumush rangli model esa sayqallangan zanglamaydigan po‘latdan ishlangan. Uchala soat ham 50 soatlik quvvat zaxirasiga ega HUB1710 avtomatik mexanizmi bilan jihozlangan.

Classic Fusion Balloon Dogʻning har bir versiyasi 25 100 dollar (taxminan 306 mln so‘m) turadi. Yevropada soatlarning narxi 24 600 yevro etib belgilangan.

MP-14 Origin — 488 ming dollarlik “Koinot”

Ikkinchi model texnik jihatdan ham, tashqi ko‘rinishi bo‘yicha ham ancha murakkab. MP-14 Origin by Jeff Koons Hublot Exceptional Timepieces eksperimental kolleksiyasiga kiradi va Koinotning paydo bo‘lishiga bag‘ishlangan.

Soat 44 mm diametrli, sun’iy sapfir va titandan tayyorlangan shaffof sakkiz qirrali korpusga ega. Hublot ma’lumotlariga ko‘ra, faqat bitta shunday korpusni ishlab chiqarishning o‘zi qariyb 534 soat vaqt oladi.

Siferblat mitti koinot modeliga o‘xshatib ishlangan. Markazda turbillon joylashgan, uning atrofida esa oq oltindan tayyorlangan, baget kesimli olmoslar va ko‘k sapfirlar bilan bezatilgan konsentrik halqalar joylashgan. To‘rtta halqada jami 202 ta qimmatbaho tosh ishlatilgan bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi qariyb 2,6 karatni tashkil etadi.

Bu modelda odatiy strelkalar yo‘q. Vaqt kichik kubikchalarga ega ikkita aylanuvchi halqa orqali ko‘rsatiladi: qizil rang soatni, kumush rang esa daqiqani bildiradi. Konstruktsiya markazida yangi HUB9014 manufaktura mexanizmi ishlaydi — bu Hublot’ning markaziy turbillon joylashgan ilk avtomatik kalibri. U 594 ta detalldan iborat bo‘lib, 60 soatgacha quvvat zaxirasini ta’minlaydi.

Soat uchun LED yoritgichi va cheksiz makon effektini yaratuvchi ko‘zgular tizimiga ega alohida futlyar-installyatsiya ham ishlab chiqilgan.

MP-14 Origin by Jeff Koons atigi 30 nusxada chiqariladi. Soatning narxi 488 000 dollar (taxminan 5,95 mlrd so‘m). Yevropada model 479 000 yevro, Shveysariyada esa 405 000 frank turadi.

Har ikki model 16-sentyabr kuni Nyu-Yorkda taqdim etildi. Classic Fusion Balloon Dog Hublot’ning tanlangan savdo nuqtalarida, shuningdek ayrim galereyalarda sotuvga chiqariladi. MP-14 Origin esa faqat brendning tanlangan butiklarida taqdim etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling