Cats & Friends: Oʻzbekistondagi birinchi mushuk-kafe

E’lon qilingan sana· 1 473
Cats & Friends: Oʻzbekistondagi birinchi mushuk-kafe

Bir necha kun oldin ochilgan, ammo shov-shuvlarga sabab boʻlishga ulgurgan mamlakatdagi birinchi mushuklar kafesi nimasi bilan qiziq va nima uchun u yerga borish kerak – Afisha.uz maqolasida.

Kichik shinam muassasa Mirzo Ulugʻbek tumani, Oqqoʻrgʻon koʻchasida joylashgan. Bu yerni mushuklar surati tushurilgan katta sariq belgi orqali tanib olishingiz mumkin. Ichkarida tashrif buyuruvchilarni nima kutmoqda?

Qanchalik gʻalati eshitilmasin — tozalik! Mushuklar bu yung, yomon hid va ifloslik deb oʻylaysizmi? Faqat bu yerda emas. Kirish paytida barcha tashrif buyuruvchilarga bir juft baxila beriladi. Ularni yaxshilab kiyib olishingiz kerak, agar kerak boʻlsa, istalgan vaqtda yangisini olishingiz ham mumkin. Tozalik bu joyning oʻziga xos belgisidir. Ichkarida qoʻllaringiz dezinfeksiya qilinadi va sizga choy taklif etiladi.

Shinam xona gavjum: momiq “xodimlar” atrofingizda aylanib yurishadi, robot changyutgich esa faol g‘uvullaydi. Birinchi soatning narxi 38 000 soʻmni tashkil qiladi. Bu miqdorga muassasada choy, stol oʻyinlari va kitoblar kiradi… Va, albatta, bosh qahramonlar bilan muloqot! Yoqimli mushuklar hatto eng qaygʻuli oqshomni ham osongina yoritadi.

12 mushuk

12 ta yoqimtoy paxmoq mushuk antikafe boʻylab yurishadi, yotishadi va oʻtirishadi. Ular orasida naslli mushuklar ham bor. Masalan, bitta juda injiq britaniyalik xonim va mongrel mushuklari mavjud. Har bir mushukning laqabi bor va buni muassasa xodimlaridan bilib olishingiz mumkin.

Kulrang, oq, yoʻl-yoʻl chiziqli, yorqin-qizil rangli va boshqa maftunkor mushuklar kafe boʻylab sayr qilishadi. Siz ularni erkalashingiz, ularga teginishingiz va hatto ovqatlantirishingiz mumkin. Xodimlar sizni mushuklar bilan xatti-harakatlar va ba’zi ehtiyot choralari haqida oldindan ogohlantiradi. Barcha mushuklarga juda yaxshi gʻamxoʻrlik qilingan va ular juda ham chiroyli. Bu hayvonlar odamlarga va bolalarga xotirjam munosabatda boʻladi va hatto ish kunining oxirida ham mehmonlarga sodiqligicha qoladi.

Siz ular bilan oʻynashingiz yoki shunchaki jozibasidan zavq olishingiz mumkin. Xonaning devorlari toʻshaklar, ularni bir-biriga ulaydigan yoʻllar va mushuklar faoliyati uchun moʻljallangan boshqa jihozlar bilan toʻla. Hamma joyda mushuklarning oʻyinchoqlari koʻp boʻlib, ular bilan zavqlanish mumkin.

Barda mushuklar yoki oʻzingiz uchun shirinliklar sotib olishingiz mumkin. Mushuklar uchun hoʻl yegulik yoki shirinliklarni 5000 soʻmdan sotib olishingiz mumkin, odamlar uchun gazaklar biroz qimmatroq — pechenye, pista va shirinliklar 8000 soʻmdan.

Kafening oʻzi juda qulay. Ikkita xona zamonaviy uslubda boʻlib, boʻsh joy bej rangida. Sokin musiqa esa dam olish imkonini yaratadi. Mehmonlar stollar va bar peshtaxtalarida yoki mushukni quchoqlab yumshoq loviya yostiqlarda oʻtirishi mumkin.

Nima juda muhim?

Bolalar bilan tashrif buyuruvchilar, yungli xodimlar bilan muloqot qilishda juda ehtiyot boʻlishi kerak. Mushuklar iloji boricha xotirjam va tashrif buyuruvchilarga juda doʻstona munosabatda boʻlishiga qaramay, bu yoqimtoylar sobiq yirtqichlar ekanini unutmang. Mushuklarning huquqlari va chegaralarini hurmat qilmasangiz, muassasa xodimlari tanbeh berishlari yoki hatto haydab yuborishlari mumkin.

Kafe xodimlari juda sezgir va sizning barcha savollaringizga javob berishdan va “yungli hamkasblari” haqida hamma narsani aytib berishdan xursand boʻlishadi. E’tiborlisi, ular orasida veterinariya ma’lumotiga ega, hayvonlar uchun boshpana (priyut) xodimlari ham bor.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, muassasa anti-kafedir, shuning uchun siz ichkarida qorningizni toʻliq toʻydira olmaysiz, ba’zi gazaklar boʻlishi mumkin.

Kamchiliklari

Shunchaki koʻchada aylanib yurib, kafega kira olmaysiz. Muassasaning Instagram akkaunti yoki telefon orqali kafedan oldindan joy bron qilishingiz kerak. Bu yerda joylar bordek tuyulsa ham, kiritilmasligingiz mumkin.

Umuman olganda, Mushuk-kafe, albatta, e’tiborga loyiq va Oʻzbekiston uchun zamonaviy hamda aql bovar qilmaydigan gʻoya juda yaxshi darajada amalga oshirildi.

Hayvonlar boshpanasi (priyutlar) muammolari

Bu yerdagi barcha paxmoqlar “Милые кошки” boshpanasining hayvonlaridir, shuning sababdan har shanba kuni muassasada uy hayvonlarini oilalarga joylashtirish uchun soat 11:00 dan 20:00 gacha tadbirlar oʻtkaziladi. Xohlovchilarga mushuk tashuvchi (sumka), pasport va qisqa suhbatdan oʻtish kerak boʻladi.

Shunday qilib, boshpana nafaqat dam olish va mushuklar bilan muloqot qilishdan zavqlanish, balki bolalarda hayvonlar bilan muloqot qilish koʻnikmalarini shakllantirishga ham yordam beradi. Bundan tashqari Oʻzbekistondagi boshpana (priyut) va boshpanasiz hayvonlar muammosiga e’tibor qaratiladi.

Snejana Samoylova
Muallif
Snejana Samoylova
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ