"Osh boʻlsin": zigʻir oshi tayyorlanadigan "Pay Plov" haqida

Lokatsiya, narx va shaxsiy fikrlar.
Muhabbat taomi boʻlgan oshning har xil turlarini tatib koʻrish va ularni oʻrganishda davom etar ekanmiz, Toshkent shahrining har xil nuqtalaridagi palovlar bilan “uchrashish” imkoniyati paydo boʻladi. Poytaxtda mashhur boʻlgan Samarqand oshi ham turli uslublarda tayyorlanishi va turli hislar berishi mumkinligining guvohi boʻldik.
“Osh bo‘lsin” ruknida Toshkent shahridagi Samarqand oshi tayyorlanadigan joylarga borishda davom etamiz. Afisha.uz muharrirlari bu safar “Pay Plov” kafesiga yo‘l oldi. Quyida ushbu osh markazi haqida so‘z boradi.
“Pay Plov” kafesi Toshkent shahrining Sharof Rashidov shoh koʻchasi, 72-uyda joylashgan boʻlib, “Minor” va “Abdulla Qodiriy” metro bekatlarining yaqinida hisoblanadi.
Kafening oldida kichik favvora joylashgan boʻlib, yozda salqinlikni ta’minlaydi. Ma’lumot uchun, yoz oylarida asosan tashqarida ham joylar tashkil qilinadi. Shuningdek, “Pay Plov"ning terassasi ham mavjud.
Ushbu ovqatlanish maskaniga kirib borar ekansiz, koʻzingiz darrov chiroyli qandillar va koʻngilga xush yoquvchi interyerga tushadi. Shinamlik va tozalik qulay atmosferani yaratadi.
Toshkentdagi ovqatlanish maskanlarining elektron menyuga oʻtayotgani odamni quvontiradi. Bu sizni ortiqcha kontaktlarga kirishishdan xalos qiladi. Stollar ustida turgan QR-kodlar orqali restoran menyusiga kirish hamda barcha taomlar va ularning narxlarini koʻrish mumkin.
Bu joy “Pay Plov” deya nomlansada Samarqand yoki Buxoroni eslatuvchi boshqa taomlarni ham, jumladan, vagʻuri, olot somsa, balaza kabi ovqatlarni topish mumkin. Palovlardan esa faqat Samarqand oshi tayyorlanadi va ikki xil uslubda “standart” va “komplekt” holda taklif etiladi. “Standart"da oshga bedana tuxumi qoʻshib berilsa, “komplekt"da tovuq tuxumi va qazini ham koʻrish mumkin.
Osh narxi quyidagicha:
- “standart” — 42 000 soʻm;
- “komplekt” — 52 000 soʻm.
Kafega tushlik payti bordik va bemalol joy topa oldik. Xoʻrandalar biroz kamroq boʻlishiga qaramay, buyurtmamizni uzoqroq kutib qolishga toʻgʻri keldi. Bundan tashqari, buyurtmalarimizni olib kelishda, ofitsiantlar adashib ketganini sezdik.
Palovni baholaydigan boʻlsak, oʻrtacha Samarqand oshi deyish mumkin. Yogʻi biroz koʻp boʻlishiga qaramay, oshda koʻp ham sezilmaydi. Pay goʻshti va zigʻir yogʻi oʻzaro yaxshi kelishadi. Biroq porsiyalar odatdagidan kamroq ekanini sezish mumkin.
Guruch ham oʻrtacha, juda tirik ham boʻlib ketmagan, sabzi bilan ham yaxshi uygʻunlashadi. Umuman olganda, joy va osh uchun bu yerga kelish mumkin, biroq personal kafening muammolaridan biri hisoblanadi.
Ushbu kafega murojaat qilish uchun telefon raqami: (+998) 95−101−1007.
