"Osh boʻlsin": "Payshanba" zigʻir osh markazi haqida

Toshkentda kulrang ob-havo hukm surmoqda. Bunday kayfiyatsiz kunlarda ko‘ngilga farah bag‘ishlash uchun muhabbat taomi bo‘lgan palov yeyish ayni muddao bo‘ladi. “Osh bo‘lsin” rukni doirasida Samarqand oshi haqidagi maqolalar seriyasi davom etadi.
Afisha.uz muharriri zig‘ir oshini tatib ko‘rish uchun “Payshanba” osh markaziga bordi. Quyida ushbu kafe haqida so‘z boradi.
Biz “Payshanba” kafesining Toshkent shahrining Qushbegi koʻchasi, 12-uyda joylashgan filialiga yo‘l oldik. Unga “Novza” metro bekatidan chiqib borish mumkin. Shuningdek, osh markazining ikkinchi filiali ham mavjud bo‘lib, Yangi Sergeli ko‘chasi 2-uyda joylashgan.
“Payshanba” kafesi o‘rtacha kattalikdagi zallardan iborat bo‘lib, joy muammosi deyarli yuzaga kelmaydi. Osh markazining ish vaqti 11:00 dan 22:00 gacha belgilangan va kunning istalgan qismida bemalol tashrif buyurish mumkin.
Ovqatlanish maskaniga kirib borishda ko‘zingiz sotish uchun mo‘ljallangan konservalangan oshlarga tushadi. Konservalangan osh o‘zbek palovi bilan yuz bergan va o‘rganilishi kerak bo‘lgan qiziq jihatlardan biri hisoblanadi. Uning narxi 33 500 so‘mni tashkil qiladi.
Stollar milliy uslubda bezatilgani koʻngilga xush yoqadi, issiq laganlarning ostiga qoʻyiladiganlar narsalar qoʻlda toʻqilgani seziladi. Shuningdek, stollar ustida elektron menyular bor. Ular ortiqcha kontaktlarning oldini oladi.
Biroq servis biroz dilni xira qildi. Kunning oxirrogʻida borganimiz uchun ofitsiantlarning muomilasida ularning charchaganligi sezilib qoldi.
“Payshanba” zigʻir osh markazida faqat zigʻir yogʻiga osh pishiriladi. Porsiyalar oʻrtacha boʻlsa-da toʻyimli. Shuningdek, qoʻshimcha tarzda alohida goʻsht va pay taklif etiladi.
Osh narxi quyidagicha:
- “standart” (0,7) — 38 000 soʻm;
- “komplekt” (0,7) — 52 000 soʻm;
- “standart” — 43 000 soʻm;
- “komplekt” — 57 000 soʻm.
Buyurtmani uzoq kutib qolmadik. Har xil turdagi salatlar oshga boʻlgan ishtahani yanada ochadi. Uzoq vaqtdan beri bu kafega tashrif buyuradigan odam sifatida oshga nisbatan hammaga mashhur “biroz aynibdi” iborasini ishlatish mumkin.
Oshdagi sabzi va guruchlar oʻzaro uygʻunlashib Samarqand oshining yoqimli ta’mini hosil qiladi. Biroq goʻshtning qattiq pishganini sezish mumkin. Bu oshni yeyishni biroz qiyinlashtiradi.
Laganning ostida koʻp yog' qolib ketmaydi, ularning koʻp qismi guruch va sabziga shimilganini sezish mumkin.
Shunga qaramasdan Samarqand zigʻish oshining muxlisi boʻlgan odam bu yerdan oʻziga xos takrorlanmas hislar bilan qaytishi aniq. Shuning uchun “Payshanba” zigʻir osh markazi nafaqat borishga arziydigan balki bu taom bilan tanishtirish uchun doʻstlaringizni olib borishingiz ham mumkin boʻlgan joylar qatoriga kiradi.
Ushbu kafega murojaat qilish uchun telefon raqami: (+998) 94−656−0086.
